Toshkent shahar hududida poytaxt IIBB boshlig‘ining farmoyishiga asosan, 2026 yilning 1 yanvaridan 30 yanvariga qadar “Migratsion profilaktika oyligi” maxsus tezkor-profilaktik tadbiri o‘tkazilmoqda. Mazkur tadbir davlatimiz rahbari hamda Vazirlar Mahkamasining mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish, xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan vatandoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash, respublikamiz tashqarisiga chiquvchi va hududiga kirib keluvchi shaxslarning aniq hisobini yuritish, bu boradagi maʼlumotlar bazasini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorlari ijrosini samarali amalga oshirishga qaratilgan. Tadbirda doimiy yashash joylaridan xorijga uzoq muddatga chiqib ketgan va qaytib kelgan shaxslar bilan olib borilgan profilaktik chora-tadbirlar haqidagi maʼlumotlarni “Yagona migrantlar elektron maʼlumotlar bazasi”ga kiritib borilishini taʼminlash, profilaktika inspektorlari tomonidan yashash manziliga qaytib kelgan shaxslar bilan manzilli suhbatlar o‘tkazish, so‘rovnomani haqqoniy to‘ldirilishi hamda migrantlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tishini taʼminlanishini alohida nazoratga olish kabi ko‘plab masalalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Oylik doirasida poytaxtning Sergeli tumani IIO FMB boshlig‘i, podpolkovnik Bahodir Anvarov o‘ziga biriktirilgan hududda bo‘lim Probatsiya hisobida turuvchi yoshlar bilan uchrashib, ularning muammolarini o‘rgandi. Uchrashuvda Probatsiya hisobida turuvchi Botir Yu. muddatidan oldin bo‘lim hisobidan yechish bo‘yicha amaliy yordam so‘rab murojaat qildi. Ushbu muammoni hal etish yuzasidan tegishli hujjatlar to‘planib, vakolatli tashkilotlarga jo‘natildi. Muqim ish joyiga ega bo‘lmagan, bo‘lim ro‘yxatida turuvchilar: Bekzod I., Saidasqar S. va A.Abdullohlar ham doimiy ish so‘rab murojaat qilishdi. Bekzod hududdagi masʼuliyati cheklangan jamiyatlardan biriga ishga joylashtirilgan bo‘lsa, Saidasqar va Abdullohlar tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish markaziga olib borilib, bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishtirildi. Ular tomonidan tanlangan bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha tegishli korxonalarga yo‘llanmalar berildi.
Tumanda joylashgan 300-sonli umumtaʼlim maktabida o‘tkazilgan uchrashuvga profilaktik va probatsiya hisobida turgan yoshlar hamda xotin-qizlar taklif etildi. Unda tuman hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi, maktab maʼmuriyati hamda tuman xalq deputati N.Saidxo‘jayevalar qatnashdilar. Ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgan suhbatlarda tarbiyasi og‘ir yoshlar bilan ishlash, ularning muammolarini hal etish, foydali mehnat bilan bandligini taʼminlash, kasb-hunarga yo‘naltirish va jamiyatga moslashtirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, o‘tgan 2025 yilda yoshlar ishtirokida sodir etilgan jinoyatlar tahlil qilinib, joriy yilda jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi. Shuningdek, yoshlar va xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar belgilab olindi. Tadbir so‘nggida jinoyatchilik profilaktikasi bo‘yicha olib borilayotgan ishlarda faol ishtirok etgan masʼullar va yoshlar rahbariyat tomonidan rag‘batlantirildi. Bu kabi xayrli ishlar yurtdoshlarimizni ayniqsa, yoshlarimizni ish qidirib chet ellarga chiqib ketishi, o‘zga yurtlarda sarson-sargardon bo‘lib yurishlarining oldini olishi muqarrar.