Ichki ishlar organlari xodimlarining maʼnaviy-maʼrifiy dunyoqarashini shakllantirish qatorida ularning kasbiy va jangovar tayyorgarligini takomillashtirib borish ham katta ahamiyatga ega. Xodimlarning ko‘nikma va mahoratlarini muntazam ravishda oshirib borishlari uchun poytaxt IIBBda barcha shart sharoitlar yaratilgan. Ularning jangovar tayyorgarligini baholash, eng mohir va namuna bo‘luvchi xodimlarni aniqlash maqsadida soha xodimlari o‘rtasida musobaqalar o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan. Toshkent shahar “Dinamo” Jismoniy tarbiya va sport kengashining XXXIV-spartakiadasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiya “Qo‘riqlash” boshqarmasi, shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Bosh boshqarma tarkibiy tuzilmalari va hududiy bo‘linmalari o‘rtasida o‘q otish bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi. Unda15 ta terma jamoalarni tashkil qilgan yuzdan ortiq xodimlar g‘oliblik uchun bellashishdi. Ikki bosqichda o‘tkazilgan musobaqa davomida xodimlar: 1-bosqichda “Makarov” pistoletidan nishonga o‘q uzish, 2-bosqichda “Kalashnikov” avtomatidan uzoq masofaga o‘q uzish shartlarini bajarishdi. Ushbu bellashuvlarda erkak va ayol xodimlar faol ishtirok etib, o‘zlarining jangovar tayyorgarligi, tezkorligi va ruhiy qatʼiyatlarini amalda namoyon etishdi. Ishtirokchilarning har bir harakatlari masʼul mutaxasssislar tomonidan adolatli va xolis ravishda baholanib borildi. Bellashuvlar yakuniga ko‘ra yakkalik bahslari bo‘yicha ayol xodimalar o‘rtasida: 1-o‘rin Tezkor boshqaruv markazi xodimi, safdor Lobar Rahmonovaga, 2-o‘rin YHXB safdor xodimi XurshidaDjalilovaga, 3-o‘rin Chilonzor tumani IIOFMB xodimi katta leytenant ShahrizodaNarimonovaga nasib etdi. Erkak xodimlar o‘rtasidagi bellashuvlarda: 1-o‘rinni Sergeli tumani IIOFMB xodimi leytenant RamziddinZahriddinov, 2-o‘rinni Uchtepa tumani IIOFMB xodimi, podpolkovnik TimurKamilov, 3-o‘rinni PPXB xodimi safdor DiyoriddinMamasiddiqov egalladi.
Professional xodimlar o‘rtasida o‘tkazilgan bahslarda 1-o‘ringa podpolkovnik Xurshid To‘raboyev (TVBSB), 2-o‘ringa katta serjant SobirjonZohidov (TVBSB), 3- o‘ringa katta serjant Kanat Toxtamuratov (TVBSB) loyiq deb topildi. Umum jamoa hisobida esa 3-o‘rinni Bosh boshqarma PPXB, 2-o‘rinni Bosh boshqarma YHXB hamda birinchi o‘rinni Uchtepa tumani IIOFMB terma jamoalari egalladilar. Musobaqa g‘oliblarini g‘alaba bilan qutlab, ularning mahoratlarini olqishlab, ishlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.