23 May 2025 Yil 644

Medallar shodasi muborak bo‘lsin, Isroiljon!

     O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yildagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida sportning mavjud turlariga e’tibor qaratish, rivojlantirish barobarida barcha soha vakillarini jalb etish, ularga zarur shart-sharoitlarni yaratish kabilar belgilangan.

      Poytaxt IIBB shaxsiy tarkibi orasida xizmat vazifalarini sidqidildan bajarish bilan birga sport turlari bilan professional darajada shug‘ullanib, yurtimiz hamda ichki ishlar organlari sha’nini munosib himoya qilib kelayotgan xodim – sportchilarimiz talaygina. Ulardan biri: Yashnobod tumani IIO FMB Ekspert-kriminalistika bo‘limi eksperti Isroiljon Shokarimov joriy yilning 15 mayidan 19 mayiga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida Armrestling federatsiyasi tomonidan tashkillashtirilgan xalqaro turnirda ishtirok etdi. Unda dunyoning turli davlatlaridan yuzdan ortiq kuchli, professional sportchilar qatnashib, g‘oliblik uchun keskin va shiddatli kurash olib borishdi. O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, sport ustasi Isroiljon Shokarimov qizg‘in va murosasiz kechgan bahslarda o‘zining tajribasi hamda qat’iyatini namoyish etib, chap qo‘l bahslarida faxrli uchinchi o‘rinni egallab bronza medaliga, o‘ng qo‘l bahslarida sportchilarning orzusi bo‘lgan faxrli birinchi o‘rinni egallab oltin medalga sazovor bo‘ldi. Bu g‘alabasi bilan sportchimiz joriy yilning sentyabr oyida Bolgariya davlatida bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

       Ishonamizki, Isroiljon Shokarimov zimmasiga yuklatilgan bu mas’uliyatni muvaffaqiyatli bajarib, yurtimiz, ichki ishlar organlari xodimi sha’nini dunyo miqyosida yuqori cho‘qqilarga ko‘tarib, dovrug‘ini olamga yoyadi. Hamkasbimizni medallar shodasi bilan qutlab unga kelgusi bellashuvlarda omad va zafarlar yor bo‘lishini samimiy tilab qolamiz.

Barcha yangiliklar

Text to speech