O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2021 yilning sentyabr oyida qabul qilingan qarorda, sodir etilgan jinoyatlarning kelib chiqish sabablarini o‘rganish, ularning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish masalalarini joyiga chiqqan holda, “mahallabay” va “sohabay” muhokama qilish tartibi belgilangan. Har bir jinoyatni joyiga chiqib, keng jamoatchilikni jalb etgan holda muhokama qilish, jamoaviy taʼsir ko‘rsatish orqali kelgusida jinoyat va huquqbuzarliklarning sodir etilishini kamaytirish va oldini olishimiz mumkinligi taʼkidlangan.
Shu maqsadda Sergeli tuman IIO FMB xodimlari tomonidan tuman hududlarida o‘tkazib kelinayotgan profilaktika kuni hamda mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasidagi samarali ishlari bunga misoldir. Shunday tadbirlarning navbatdagisida tonggi yo‘riqnoma o‘tkazishdan boshlandi. Tuman IIO FMB rahbariyati tomonidan barcha xodimlarga tegishli ko‘rsatmalar va topshiriqlar berilgach, xodimlar o‘z xizmat vazifalariga kirishishdi.
Taʼkidlash joizki, mahalla profilaktika inspektorlari o‘zlari faoliyat yuritayotgan hududlarda tashkil etilgan mahalla telegramm kanalidan unumli foydalanib, kunlik jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olishga qaratilgan video murojaatlarni yo‘llab borishmoqda. Bu bilan cheklanib qolmay, aholi o‘rtasida ogohlikka chaqiruvchi flayer, qo‘llanma va eslatmalar tarqatilishi ham yo‘lga qo‘yilgan.
Profilaktika inspektorlari tomonidan huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga tegishli ravishda maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Shuningdek, “Tig‘” tadbirida jamoat joylarida sovuq qurol olib yurgan fuqarolar ham aniqlanib, olingan ashyoviy dalillar tegishli tartibda hujjatlashtirildi.
O‘z o‘rnida mahallalarda sodir etilgan jinoyatlar tuman rahbarlari va mahalla yettiligi, mahalla faollari va aholi ishtirokida muhokama qilinib, jamoatchilik o‘rtasida jinoyatlarga murosasizlik kayfiyatini kuchaytirish, huquqiy savodxonligini oshirishga keng o‘rin berilmoqda.
Chunonchi, 2025 yilning 1 apreli, soat 18.30 larda tumandagi Qumariq ko‘chasida voyaga yetmagan, 2008 yilda tug‘ilgan I. Odiljon haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmasada, “Trakker-2” avtomashinasini boshqarib borayotib, 1995 yilda tug‘ilgan velosiped haydovchisi H. Sidiqni urib yuborgan. Velosipedchi o‘rtacha og‘ir tan jarohati bilan kasalxonaga yotqizilgan. Mazkur YTH bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-modda 1-qismi (“Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. voyaga yetmaganga ota-onasi tomonidan transport vositasini boshqarish imkoni berilgani natijasida bir insonning tan jarohati olishiga va voyaga yetmagan shaxsning jinoiy javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘ldi.
Shu kuni yana bir jinoyat muhokamasi o‘tkazildi. 2025 yil 12 aprel soat 17.00 larda 1997 yilda tug‘ilgan X.Timur “Uchuvchilar” mahallasida yashab kelib, tanishi 1997 yilda tug‘ilgan F. Dmitriy bilan spirtli ichimlik isteʼmol qiladi. O‘zaro kelib chiqqan janjal tufayli uni urib, tan jarohati yetkazadi. Holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 105-moddasi 1-qismi (Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Yana bir tan jarohati yetkazish jinoyati 22 aprel kuni soat 21.30 larda Sergeli tumani “Oltin vodiy” mahallasida sodir etildi. 1977 yilda tug‘ilgan I.Muzaffar shu tumanda yashovchi qarindoshi, 1958 yilda tug‘ilgan I.Ikromjon bilan o‘zaro janjallashib, qasddan orqa bel sohasiga pichoq urib tan jarohati yetkazadi. Natijada Ikromjon kasalxonaga yotqizilib, Muzaffarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ikkala holatda ham fuqarolarning arzimas gap talashib boshlagan janjali jinoyat bilan yakun topdi. O‘z vaqtida bir gapdan qolish, qo‘liga erk bermaslik haqidagi tushunchalar bilan yashaganda inson, balki bu jinoyatlar yuz bermasmidi?!
Mazkur sodir etilgan jinoyatlar mahalla faollari, yettiligi hamda masʼullar ishtirokida keng muhokama qilindi. Ishtirokchilarning takliflari asosida kelgusida bu kabi salbiy holatlarning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanib, ijrosi nazoratga olindi.
Shundan so‘ng tungi xizmatga jalb qilingan xodimlar uchun yo‘riqnoma o‘tkazildi. Unda namunali xizmat qilgan xodimlarga tuman IIO FMB rahbariyati tomonidan minnatdorchilik bildirilib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan xodimlarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Bu kabi jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, mahallalarda xavfsizlikni taʼminlash borasidagi ishlar poytaxtning boshqa tumanlarida ham izchil davom ettirilmoqda.