19 Noyabr 2025 Yil 268

Markaz bolalari Toshkent bog‘lariga sayr qilishdi

Toshkent shahar IIBB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazidagi bolalarni maskanda bo‘lish davridagi qisqa muddatlarda o‘qitish, tarbiyalash, vatanparvarlik tuyg‘usini singdirish, kelgusida huquqbuzarliklar sodir etmaslik yohud o‘zlari huquqbuzarliklar va jinoyat qurboniga aylanmasliklari borasidagi ishlari davom etmoqda. Shu qatorda ularni mazmunli dam olishlari, dunyoqarashlari va ma’naviy saviyalarini oshirish maqsadida qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Kuni kecha Markazda bo‘lgan bolalarning Toshkent Hayvonot bog‘i hamda Toshkent Botanika bog‘iga ekskursiyasi uyushtirildi. Undan ko‘zlangan maqsad: bolalarni ona tabiat va hayvonot olami bilan yaqindan tanishtirish, murg‘ak qalbida tabiatga, jonivorlarga mehr-shafqat tuyg‘usini uyg‘otish, ularning hayotimizga va tabiatga kerakligini tushuntirish. Borliq haqidagi dunyoqarashlarini yanada boyitish, atrof-muhitni asrash, bioxilma-xilliklarning inson salomatligi hamda hayotida qanchalik muhim rol o‘ynashini anglatish, atrof-muhitni asrash, muhofaza qilish hissini shakllantirishda bu kabi tadbirlar muhim ahamiyatga ega. Sayr chog‘ida bolalar nafaqat jonivorlar va turfa o‘simliklar dunyosi bilan yaqindan tanishdilar, balki yurtimizda hukmronlik qilayotgan kuz fasli go‘zalligi, daraxtlarning rango-rangligi, gullarning chiroyi, xazonrezgining o‘zgacha tarovatini his qilib, go‘zalligidan bahramand bo‘lishdi. Hayvonot, mevali, manzarali o‘simliklar dunyosi haqida qiziqarli ma’lumotlar olishgan bolalar katta taassurot hamda zavq-shavqqa to‘lib Markazga qaytishdi.

Barcha yangiliklar

Text to speech