Fozil Doston bilan sinfdoshlarining to‘yida tanishib, birgalikda xizmat qilgan edi. Shu-shu ko‘cha-ko‘yda ko‘rishib qolishsa, ancha suhbatlashib, bir-birining ishonchiga kirgan, do‘stona munosabatlar o‘rnatgan edi. O‘sha kuni ham qo‘chada tasodifan uchrashib qolishdi. Yaqin oradagi oshxonaga kirib dildan suhbat qurishdi. Suhbat orasida Doston "Malibu 2" avtomashinasining ishqibozi ekanligi, arzonroq sotadigan kishi topilsa, jon-jon deb sotib olishini aytdi. Fozil angladiki, uning puli bor. Darrov uni qanday qo‘lga kiritish haqida o‘ylay boshladi. Bu gap 2023 yilning noyabr' oxirlarida bo‘layotgan gap. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay u Dostonga qo‘ng‘iroq qilib, bir ishonchli og‘aynisi pul zarur bo‘lib qolganligi bois o‘z avtomashinasini 25.000 AQSh dollariga sotayotgani xabarini berdi. Doston boshlang‘ich kafolat to‘lovi sifatida 12 ming AQSh dollari berishini, oldi-sotdi notarial rasmiylashtirilgach, qolganini to‘lashini ma'lum qildi. Shu kuni kechqurun Doston qahvaxonada uchrashib, aytilgan pullarni Fozilga tutqazdi.
— Aslida mavjud bo‘lmagan avtomashinani ko‘rmay turib, tanishining gaplariga uchib, 12 ming AQSh dollarini berib yuborgan Doston ertasi avtomashinani ko‘zdan kechirishi va go‘yoki egasi bilan birgalikda notarial idoraga borishlari kerak edi,–deydi Mirobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi katta tergovchisi, podpolkovnik Kamola Hikmatova. – Biroq Fozil uning telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermaydi. Uning uyiga qidirib borganda esa, avtomashinaning ozgina ta'mirtalab joyi borligini aytib, rasmiylashtirishni orqaga suradi. Doston shu vajlardan keyin ham asli yo‘q avtomashinaning ta'mirlanishini kutib, vaqtni o‘tkazadi. Firib yeganini sezgachgina ichki ishlar organlariga murojaat qiladi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi ochiq sud majlisida, 1989 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan A.Fozilning qilmishlarini qonunan ko‘rib chiqib, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topdi. Uning aybiga iqrorligi, jabrdiydaga yetkazilgan zararni to‘liq qoplaganligi, jabrlanuvchining moddiy va ma'naviy da'vosi yo‘qligini hisobga olib, Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda, bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida, ya'ni 34 million so‘m jarima jazosi tayinladi.