Kuni kecha Toshkent shahar Yangihayot tumani 3-sektor mas’ullarining tumanda joylashgan 8-umumta’lim maktabining bitiruvchi sinf o‘quvchilari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuv poytaxtimizda joriy yilning 15 yanvaridan 15 fevraliga qadar o‘tkazilayotgan “Sog‘lom va xavfsiz poytaxt” oyligi doirasida tashkil etildi. Yig‘ilishda yoshlar o‘rtasida psixotrop, giyohvandlik hamda psixofaol moddalarni “zakladka” ko‘rinishida, graffiti chizish orqali tarqatilishining oldini olish, iste’mol qilish, oldi-sotdisi bilan shug‘ullanishga qarshi kurash, shuningdek, yoshlar o‘rtasida jinoyat, huquqbuzarliklar sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida so‘z yuritildi. Ma’ruzachilar yuqoridagi jinoyat, huquqbuzarliklarning mudhish oqibatlari haqida hayotiy misollar keltirib, internet tarmoqlaridagi turli saytlar, havolalarga kirib, katta-katta pul va boshqa turli vasvasaga soluvchi narsalar va’da qilayotgan g‘arazli kimsalarning domiga tushib qolmaslik bo‘yicha tushuntirishlar berishdi. Shuningdek, tadbirda bitiruvchi yoshlarni qiynayotgan muammolar bilan birga mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish borasida yoshlarning ham taklif va mulohazalari tinglandi. Yig‘ilish so‘ngida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat etishib, mas’ullar tomonidan javoblar olishdi.