8 May 2025 Yil 707

Mahallalar – yurt tayanchi

Mahalla tushunchasi faqat bizning yurtimizga xos. Mahallalar mamlakatda tinchlik-osoyishtalik va barqarorlikni taʼminlashda, omma kuch-g‘ayratini bunyodkorlikka yo‘llashda muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu jamoat tuzilmalari ming yillik tarixga ega, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Poytaxtimizda olti yuzga yaqin mahallalar mavjud bo‘lib, unda turli millat vakillari tinch-totuv yashab, mehnat qilib kelmoqda. Mazkur mahallalar xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarning oldini olish uchun Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tunu kun xizmatda. Joriy yilning yanvarida Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yana-da oshirishga qaratilgan qarori bu ishlarning uzviy davomi bo‘lib, bu boradagi ishlar surʼatiga o‘zgacha tus berdi. Bosh boshqarma hududiy tuzilmalarida qarorning mazmun-mohiyati chuqur o‘rganilib, uning ijrosini to‘laqonli bajarish bo‘yicha qator chora-tadbirlar belgilanib, amaliyotga tatbiq etilmoqda. Shunday tadbirlardan navbatdagisi poytaxtning Shayxontohur tumani “Katta hovuz” mahallasida mahalla yettiligi, faollari hamda ahli ishtirokida o‘tkazildi. Unda tuman hokimi B.Abubakirov, IIO FMB boshlig‘i O.Jamolov va DSI boshlig‘i X.Mulladjanovlar qatnashib, mazkur qarorning ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar. Xususan, probatsiya hisobida turuvchi fuqarolar, ayniqsa yoshlar, yoshlarning migratsiyasi, foydali mehnat bilan bandligi, bo‘sh vaqtlarini qanday o‘tkazayotgani borasida manzilli olib borilayotgan profilaktik-tushuntirish va boshqa amaliyotlarga eʼtibor qaratishdi. Shuningdek, mahallaning qizil toifada ekanligi, uni yashil toifaga o‘tkazish bo‘yicha aniq choralar belgilash, ish rejasini puxta ishlab chiqish, hamda belgilangan muddatlarda ijrosini taʼminlash bo‘yicha zaruriy ko‘rsatmalar berilib, vazifalar belgilandi. Hududning zarurati o‘rganilib, mahallaga 30 ta kuzatuv kameralari, mahalla hududida joylashgan 1-sonli shahar klinik shifoxonasiga 42 ta kuzatuv kameralari o‘rnatildi. 10 nafar ishsiz fuqarolarning 7 nafarining bandligi taʼminlandi. Ro‘yxatga olingan 5 ta kambag‘al oilani reyestrdan chiqarish hamda kambag‘allikni tugatish bo‘yicha 3 oy muddat belgilandi. Bu kabi mahalla tinchligi va osoyishtaligini taʼmnlashga qaratilga maqsadli ishlar poytaxtning barcha mahallalarida amalga oshirilmoqda.

Barcha yangiliklar

Text to speech