27 Noyabr 2025 Yil 272

Mahallalarda nima gaplar?

Poytaxtimiz mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish, jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish orqali bu kabi salbiy holatlarga barham berish bo‘yicha qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Poytaxt hududida IIBB hududiy tuzilmalari tomonidan mutasaddi tashkilot va idoralar hamkorligida o‘tkazib kelinayotgan “Payshanba- profilaktika kuni”,”Xavfsiz va sog‘lom yurt”, “Kibermadaniyatni yuksaltirish” hamda boshqa tadbirlar qatorida vakolatli rahbarlarning joylarda hududlardagi kriminogen hamda ijtimoiy holatlarni o‘rganish, sayyor qabullar tashkil etishlari natijasida bu boradagi ishlar natijakorligi oshmoqda. Shunday sayyor qabullarni tashkillashtirish va hududlarni o‘rganish bilan bog‘liq tadbirlarning navbatdagisi Sergeli tumani IIO FMB boshlig‘i, podpolkovnik Bahodir Anvarov tomonidan amalga oshirildi. Tumandagi “Madadkor” mahalla fuqarolari bilan o‘tkazilgan sayyor qabulda to‘rt nafar fuqaroning murojaati joyida ijobiy hal etilib, ikkitasi bo‘yicha tegishli soha rahbarlariga ko‘rsatmalar berilib, ijrosi nazoratga olindi. Mahallada xizmat ko‘rsatayotgan Boshqaruv-servis kompaniyasi faoliyati bilan tanishib kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari o‘rganilib, holatni yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berildi. Mahalla hududida joylashgan bozor sotuvchilari bilan o‘tkazilgan suhbatlarda narx-navoni sun’iy oshirmaslik borasida tushuntirish ishlari olib borilib, noqonuniy savdolarga chek qo‘yildi. Mahalladagi yoritilmagan, videokuzatuv kameralari o‘rnatilmagan ko‘chalarga tungi yoritish chiroqlari va kuzatuv kameralari o‘rnatish bo‘yicha Boshqaruv-servis kompaniyasi hamda “Tumannur” rahbarlariga rejali topshiriqlar eslatib o‘tildi. Shuningdek, B.Anvarov mahallada yashovchi fuqarolar xonadonlariga tashrif buyurib, kuz-qish mavsumida issiqlik tizimi hamda elektr toki davomiyligi holatlarini o‘rganib, ularning bu boradagi fikr-mulohazalari va e’tirozlarini tingladi.


Tumanning Sergeli-2 dahasida joylashgan "Nilufar" mahallasida istiqomat qiluvchi O‘.Davronbek, “Qubaytepa” mahallasida yashovchi B.Mohigullarning murojaati tinglanib, ijrosi bo‘yicha tegishli soha rahbarlari zarur topshiriqlarni belgilab olishdi. Tumandagi 300-umumta’lim maktabining bitiruvchi sinf o‘quvchilari bilan o‘tkazilgan suhbatda "Xavfsiz va sog‘lom yurt" tadbiri doirasida Prezidentimizning 3 noyabrdagi aholi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha imzolagan farmonining mazmun-mohiyati haqida suhbatlashildi. Ularga giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasi va tarqatilishi bilan bog‘liq jinoyatlarning mudhish oqibatlari, shuningdek, qonunda belgilangan jazo choralari haqida ma’lumotlar taqdim etildi. “Mehrigo‘yo” mahallasida yashovchi fuqarolar bilan o‘tkazilgan sayyor qabulda 15 nafar fuqarolarning murojaatlari tinglandi. Shulardan beshtasi joyida qanoatlantirildi, ikkitasi bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar, uchtasining ijrosi yuzasidan sohaviy xizmat xodimlariga topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.

Mazkur mahallada o‘rganish ishlari olib borilib, ko‘p qavatli uylar ortidagi piyodalar yo‘lagida tungi chiroqlarning ishlamasligi, kuzatuv kameralari o‘rnatilmaganligi aniqlanib, “Tumannur” hamda Boshqaruv-servis kompaniyasi mas’ullariga zaruriy ko‘rsatmalar berildi. Hududdagi novvoyxonalar faoliyati o‘rganilganda, ularning sanitar-gigiyenik holati qoniqarsiz ekanligi aniqlanib, javobgarlar qattiq ogohlantirildi. Bu kabi hududlardagi mavjud kriminogen, ijtimoiy-maishiy holatlarni o‘rganish borasidagi ishlar barcha poytaxt tumanlarida amalga oshirib kelinmoqda.

Barcha yangiliklar

Text to speech