10 Yanvar 2026 Yil 2906

Mahalla tinchligi yo‘lida

Poytaxtimizning Yunusobod tumanida joylashgan “Kulolqo‘rg‘on” mahallasida besh mingdan ortiq aholi tinch-totuv, hamjihatlikda umrguzaronlik qilib kelmoqda. Mahallaning kichigidan kattasigacha aholisining tinchlik-osoyishtaligini ta’minlash, jinoyatchilikdan, huquqbuzarliklardan, fuqarolar salomatligi, mol-mulki, shaxsiyatiga tajovuzkor unsurlardan asrashda tuman IIO FMB 1-sonli IIB profilaktika inspektorlari, xususan, katta inspektori mayor Dilshod Mannonovning bilimi, malaka va tajribasiga bog‘liq desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Dilshod Mannonov mahalla raisi Suhbatilla Abdiyev, mahalla faollari, “yettiligi”, tashkilot va korxonalar mutasaddilari bilan uzviy hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Mazkur hamkorlik tufayli ko‘p yillar “sariq” toifada bo‘lib kelgan mahalla 2024-yil oxiriga kelib “yashil” toifaga o‘tkazilishiga erishildi. Bu o‘z-o‘zidan bo‘lgani yo‘q, albatta. Tizimli ravishda aholining barcha qatlamlarini qamragan targ‘ibot, tushuntirish ishlarining olib borilishi, fuqarolar turmush tarzini xonadonbay o‘rganish, ijtimoiy-iqtisodiy, tibbiy muammolarini birgalikda hal qilish, huquqiy madaniyati va savodxonligini oshirishga qaratilgan tadbirlarning amalga oshirilishi natijasi bu. Ayniqsa, ayollarning jamiyat, oila va turmushda, farzandlar tarbiyasida tutgan o‘rniga muhim ahamiyat berilib, ularning turmush tarzi o‘rganilib, foydali mehnatga band etish masalalariga katta e’tibor qaratildi. Shuningdek, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli va foydali mashg‘ulotlar bilan band qilish, turli sport va kasb-hunar to‘garaklariga jalb qilish orqali ular ishtirokida huquqbuzarliklar sodir etilishi kamayishiga erishildi. Har bir sodir etilgan jinoyat hamda huquqbuzarliklar – firibgarlik, giyohvandlik moddalarining noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq jinoyatlarning jamoatchilik: mahalla faollari, yoshlar, shuningdek muqaddam sudlanganlar ishtirokida keng muhokama qilinishi, jamoaviy ta’sir choralari ko‘rilishi ham mahalla tinchligini saqlashda muhim ahamiyat kasb etdi. Shuningdek, profilaktik ro‘yxatda turuvchi shaxslar bilan tizimli ravishda profilaktik suhbatlar o‘tkazilishi bois ular tomonidan takroriy jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishining oldi olindi.
Lavhamiz qahramoni ichki ishlar organlaridagi ilk faoliyatini 1999-yilda oliygohni bitiriboq Shayxontohur tumani IIB Qo‘riqlash bo‘limida safdorlikdan boshlagan. 2017-yilda profilaktika xodimlari bo‘sh lavozimlariga tanlov e’lon qilinganida Dilshod ikkilanmay o‘z nomzodini qo‘yib, barcha sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgach, Chilonzor tumanida joylashgan “Yakkatut”mahallasida profilaktika inspektorligiga tayinlandi. Profilaktika inspektori, kapitan Muhiddin Bozorov unga ustozlik qildi. O‘zi nimaiki bilsa, hammasini benazir o‘rgatdi. Yuqorida zikr etilgan mahallada ish boshlaganida bu soha bo‘yicha besh yildan ortiq tajribaga ega, o‘z ishining mutaxassisi, tuman, shahar IIBB rahbariyati tomonidan sidqidildan, namunali xizmatlari uchun ko‘plab minnatdorlik, tashakkurnoma, faxriy yorliqlarning sohibiga aylangandi. Kuni kecha Prezidentimiz tomonidan 2026-yilni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilingani munosabati bilan mayor D.Mannonov mahallada tinchlik va osoyishtalikni saqlash, fuqarolarning haq-huquqlarini himoya qilish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlarni yanada jadallashtirish, o‘zgacha ruhda olib borilishini taqozo etishini ta’kidlarkan, yurtboshimiz, rahbariyatning bu boradagi ishonchini oqlash uchun bor bilim, kuch va imkoniyatlarini sarflashini bildirdi.

Barcha yangiliklar

Text to speech