12 Fevral 2025 Yil 917

Kuch – yakdillikda

Joriy yilning 9 fevralida poytaxtning Bektemir tumanida yashovchi fuqaro X.Xudayberganov ichki ishlar organlariga murojaat qilib, tuman ko‘chalaridan birida tungi vaqt ketayotganida, noma'lum shaxslar orqasidan kelib yelka qismiga musht tushirib yiqitgach, cho‘ntagidagi “Redmi 7” telefonini olib qochganligini ma'lum qiladi. Mazkur holat yuzasidan tuman IIO FMB xodimlari tomonidan tezkor chora-tadbirlar ko‘rilishi natijasida, mazkur talonchilikni sodir etgan shaxslar aniqlanib, ashyoviy dalillar bilan ushlandilar.

Kuni kecha tumanning “Bektemir” mahallasida Toshkent shahar IIBB rahbariyati, tuman IIO FMB mas'ullari, profilaktika inspektorlari, mahalla faollari, mahalla yettiligi, aholi hamda tegishli idora mutasaddilari bilan birgalikda mazkur talonchilik jinoyati keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi. Unda so‘z olganlar jinoyat tafsilotlari, uning tahlili, kelib chiqish sabablariga batafsil to‘xtalib, e'tiborni uning ildiziga qaratish lozimligiga urg‘u berishdi. Shuningdek, har bir sodir etilgan jinoiy harakat, huquqbuzarliklarni keng omma e'tiboriga olib chiqib, aybdorlarning ishtirokida muhokama qilish, jamoaviy ta'sir choralarini qo‘llash, sayyor sudlar majlisini yo‘lga qo‘yish kabi takliflar ham tushdi. Muhokama so‘ngida har bir mahallada Prezidentimizning joriy yilning yanvar' oyida qabul qilgan “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bandlarini ijrosini ta'minlash har qanday turdagi jinoyat va huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik, qarorda aytilganidek barvaqt oldini olish bo‘yicha hamkorlikda olib borilishi lozim bo‘lgan profilaktik tadbirlar ta'kidlanib, qo‘shimcha topshiriqlar belgilab olindi. Muhokama qizg‘in va bahs-munozarali ruhda o‘tib, yig‘ilganlar ogohlik va xushyorlikni kuchaytirish orqali mahalla osoyishtaligi, fuqarolar tinchligiga erishish mumkinligini qayd etishdi.

Barcha yangiliklar

Text to speech