Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan holat yuzasidan rasmiy ma’lumot
Joriy yilning 25 noyabr kuni soat 23:06 larda, Mirobod tumani, Chimkent ko‘chasida joylashgan oshxona ishchilari tomonidan, shu joyda IIV tomonidan o‘rnatilgan “tashvish tugmasi” bosilib, Mirobod tumani Qo‘riqlash bo‘limiga bir fuqaro mast holda janjal qilayotganligi haqida xabar kelib tushgan.
Soat 23:10 larda tungi xizmatga jalb qilingan tuman Qo‘riqlash bo‘limi tezkor harakatlanuvchi guruhi xodimlari voqea joyiga yetib kelganda, 1991 yilda tug‘ilgan fuqaro A.A. oshxona oldida mast holatda jamoat joyida yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, fuqarolarni tinchligini va jamoat tartibini buzayotganligi aniqlangan. Mazkur fuqaroning huquqbuzarligini bartaraf etish jarayonida, u Qo‘riqlash bo‘limi xodimlarining qonuniy talabini bajarmasdan keskin qarshilik ko‘rsatganligi sababli, unga nisbatan qonunda belgilangan tartibda jismoniy kuch ishlatilib, fuqaro zararsizlantirilgan va tuman IIO FMBga topshirilgan.
Hozirda, Mirobod tumani IIO FMB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi (“Mayda bezorilik”) va 194-moddasi (“Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik”) bilan hujjatlar rasmiylashtirilib, fuqaroning harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga yuborilgan.