Sanjar O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida yigitlik burchini o‘tab qaytgach, harbiy faoliyatini davom ettirish maqsadida, ichki ishlar organlariga xizmatga kirish niyatida Toshkent shahar IIBBga hujjatlarini topshirdi. “Qo‘riqlash” boshqarmasi 2-alohida batalyoni safdorligidan ish boshladi. Ish boshlagunga qadar, bino va inshootlarda xizmat olib borayotgan xodimlarni ko‘rganida, ishlari oddiy, jo‘n, ko‘p mehnat va diqqat talab qilmaydigandek ko‘rinardi. Biroq o‘zi ish boshlaganda, masʼuliyat va javobgarlik hissining naqadar zalvorli ekanligi, har on, har lahzada hushyorlik va ogohlikni boy bermaslik zarurligini angladi. Bugungi kunda Toshkent shahar IIBB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi bo‘linmalari Manzil-maʼlumotlar byurosi operatori lavozimida ishlab kelayotgan safdor Sanjar Kattabayev ilk ustozi serjant Baxtiyor Yakubovni hurmat bilan tilga oladi. Ustozining sabr-toqat va vazminlik bilan xizmat sirlarini o‘rgatgani, hujjatlarni rasmiylashtirish, ichki tartib-intizom nizomlariga amal qilish kabilarni singdirgani keyingi xizmat faoliyatlarida juda qo‘l keldi. Bu vaqt oralig‘ida Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash Milliy tadqiqotlar universitetini sirtdan tugatdi. Ayni paytdagi lavozimiga tayinlanishdan avval Manzil-maʼlumotlar byurosida EHM operatori, Mirobod tumani IIO FMB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish inspektori lavozimlarida faoliyat yuritib malaka va tajriba orttirgani bois, xizmat vazifalarini tez o‘zlashtirdi. Har bir so‘rovnoma hamda xizmat yozishmalariga tezkorlikda javob tayyorlash, huquqiy to‘g‘ri rasmiylashtirishga katta eʼtibor bilan qaraydi. Sanjar Kattabayevning kelgusida rejalari ko‘p. O‘z hayotini ichki ishlarga bag‘ishlagan bu xodim yurt tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash, halol, sidqidildan qilingan mehnat qadr topishi, baxtli kelajagiga yo‘l ochishiga ishonadi.