6 May 2025 Yil 703

Ishonchli va kafolatli xizmatdan foydalaning!

Yurtimizda o‘tkazilayotgan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” oyligi doirasida poytaxtning barcha tuman ichki ishlar organlarida jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarning oldini olish borasida belgilangan chora-tadbirlarning ijrosi samarali amalga oshirilib kelinmoqda. Belgilangan tadbirlarning navbatdagisi “Soqchi” tadbiri Sergeli tumani IIO FMB hamda “Qo‘riqlash” xizmati mutasaddilari hamkorligida bo‘lib o‘tdi. Tumanning “Bunyodobod” mahallasida o‘tkazilgan profilaktik-tushuntirish tadbirida mahalla faollari, fuqarolari, hududda faoliyat olib boruvchi korxona va tashkilotlar, tijorat hamda maishiy xizmat ko‘rsatuvchi obyektlar masʼullari ishtirok etdi. Yig‘ilganlar oldida so‘zga chiqqan mutaxassislar bugungi kunda har qanday maʼmuriy binolar va xususiy xonadonlarni qo‘riqlash bo‘yicha zamonaviy, foydalanishda oson va qulay bo‘lgan qo‘riqlov turlari mavjudligi, ularni o‘rnatish, texnik qo‘riqlash tizimiga ulashda afzalliklar yaratilgani haqida maʼlumotlar berishdi. Xususan, qo‘riqlovga olingan obyektlarda sodir etilgan o‘g‘irlik, talon-tarojlik, huquqbuzarliklarning oldini olishdagi, tezkor fosh etishdagi ahamiyati misollar yordamida ochib berildi. Har bir qo‘riqlovga olingan bino-inshootlar, xonadon va mol-mulk ishonchli va kafolatli qo‘riqlanishi taʼkidlandi. Shuningdek, masʼullar yig‘ilganlarning qo‘riqlovga olish va xizmat ko‘rsatish tartibi, qo‘riqlov vositalarining turlari qatorida to‘lovlar shakllari va miqdori bilan bog‘liq ko‘plab savollariga javoblar berishdi. Oylik doirasida amalga oshirilgan bu kabi profilaktik tadbirlar kelgusida ham izchil davom ettirib boriladi.

Barcha yangiliklar

Text to speech