19 Iyul 2025 Yil 609

Ijod xizmatga qanot bag‘ishlaydi

"Vatan himoyasi uchun
Turar birdek hammasi,
Olqishlar bo‘lsin sizga
Harbiylarning oilasi.

Osoyiishta zamonda
Qo‘shgan ko‘plab hissasi,
Vatan koriga mador
Harbiylarning oilasi.

Ruhan madad vatanga
Yurtim yoshu keksasi,
Fayzingiz oshib borsin
Harbiylarning oilasi.

Vatan tinchdir har zamon
Duoingiz mevasi,
Doim bo‘ling sog‘-omon
Harbiylarning oilasi".

Bu sheʼr Toshkent shahar Yashnobod tumani IIO FMB “Uysozlar” mahallasi profilaktika inspektori, leytenant Obidjon Olimjonovning ijodidan. Obidjon hali o‘rta maktabning 5-6-sinfida o‘qiyotgan vaqtidayoq huquqshunos bo‘lishni ko‘ngliga tukkan shu bilan birga badiiy ijodga katta qiziqish bilan boqqan edi. Turli tanlovlarda ishtirok etib, sovrinli o‘rinlar olishga muvaffaq bo‘lgan. U 2024 yilda Respublika Bosh prokuraturasi huzuridagi Huquqni muhofaza qilish Akademiyasini muvaffaqiyatli tamomlab, yuqoridagi lavozimda mehnat faoliyatini boshladi. Ichki ishlar organlarida uzoq yillardan buyon xizmat qilib kelayotgan profilaktika katta inspektori, podpolkovnik Ulug‘bek Badalov, profilaktika inspektori, kapitan Izzatilla Abdulatipovlar ziyrak, azmu shijoati yurish-turishida barq urib turgan yosh, shoirtabiat yigitga sohaning past-balandini o‘rgatarkan, ijod bilan shug‘ullanishni kanda qilmaslikni zotan, ijod insonga o‘zgacha ulug‘lik va fayz bag‘ishlashini takror va takror eʼtirof etishardi. Obidjon yaqin orada o‘z sheʼriy to‘plamlarini nashr etish arafasida. Shuningdek, Obidjon xizmatdan ajralmagan holda bugungi kunda poytaxt IIBB qoshida tashkil etilgan “Nihol” badiiy havaskorlik guruhida ham boshlovchi sifatida, ham badiiy sahnalarda faol ishtirok etib kelmoqda.

Endi lavhamiz qahramonining xizmat faoliyatiga kelsak, u faoliyat yuritayotgan mahalla hududida 6 700 nafar turli millat vakillari ahillikda umrguzaronlik qilib kelmoqda. Guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, mahallaning o‘ziga yarasha kam-ko‘sti bor. Spirtli ichimliklarga ruju qo‘yganlar 30 nafarni, janjalkash, nizoli oilalar 10 tani, jinoyat qilishga moyil shaxslar 20 ga yaqinni tashkil etadi. Bu oilalar va fuqarolar bilan ishlash va yana ishlash kerak. Profilaktika inspektorlari, xususan, leytenant Obidjon Olimjonov mahalla yettiligi hamda faollarini bir maqsadga yo‘naltirib, ushbu oila va shaxslar bilan izchil, manzilbay va xonadonbay profilaktik-tushuntirish ishlari yurituvini yo‘lga qo‘ygan. Ularga nisbatan jamoaviy taʼsir choralari, profilaktik suhbatlar o‘tkazib kelinmoqda. Bunday oilalarning yashash manzillariga “tashvish” tugmalari, ko‘p qavatli uylar yo‘laklariga kuzatuv kameralari o‘rnatilgan. Ijtimoiy tarmoqda faoliyat yuritayotgan “Mahalla” kanali orqali mahalladagi vaziyat, aholining jinoyatchilik, huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan taklif va eʼtirozlarini o‘rganish bilan birga, aholining huquqiy madaniyati va savodxonligini oshirishga qaratilgan tadbirlar ham olib borilmoqda. Chunonchi, ijtimoiy tarmoqlarda uzatilayotgan kontentlarga ishonavermaslik, ayniqsa, yoshlarni buzg‘unchi, qadriyatlarimizga yot g‘oyalardan asrash, odam savdosi, giyohvandlikka qarshi kurash, so‘nggi paytlarda ko‘payib borayotgan kiberfiribgarlik hamda kiberjinoyatlardan ogoh etish masalalariga katta eʼtibor qaratilmoqda. Hudud huquqbuzarliklar profilaktikasi xodimlari qatori leytenant Obidjon Olimjonov ham “qizil” toifadan “sariq” toifaga o‘tgan mahallani “yashil” toifaga o‘tkazish yo‘lida mahalla yettiligi hamda hamkor tashkilotlar va mutasaddilar ko‘magida birgalikda harakat qilishmoqda. Shuni ham taʼkidlamoq joizki, birgalikdagi saʼy-harakatlar tufayli mahalla “Obod mahalla” dasturiga kiritildi. Leytenant Obidjon Olimjonov bu muvaffaqiyatlar bilan cheklanib qolmoqchi emas. Kelgusida bilimlarini oshirish uchun ilmiy darajaga intilish hamda ichki ishlar organlarida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, omma bilan ishlash bo‘yicha dastur va ishlanmalar yaratishni rejalashtirgan. Uning intilishlariga oq yo‘l tilab, bu ezgu maqsadlarda unga omad yor bo‘lsin, deymiz.

Barcha yangiliklar

Text to speech