26 Aprel 2025 Yil 1121

O‘qiganu uqmagan o‘qituvchi

Poytaxtdagi oliygohlardan birini tamomlagan Alisher texnikumlardan birida dars bera boshladi. Uylandi, uch nafar farzandli bo‘ldi. Orzulari, aniqrog‘i xomxayollari tizginsiz bo‘lgan Alisher oila tashvishlaridan ortmay qoldi. U esa mo‘l-ko‘lchilik, hashamat va dabdabada yashashni istardi. Nafs balosiga yo‘liqqan Alisher o‘z talabasi bo‘lgan Botirning ko‘ngliga qo‘l solib ko‘rdi. Yigit o‘qishni universitetda davom ettirishni juda-juda xohlashi, biroq o‘qishga kirishi dargumon ekanligiga sha’ma qildi. Fursatdan foydalangan Alisher tanish-bilishlari orqali oliygohga kiritib qo‘yishiga ishontirib uning 8.000 AQSH dollarini oldi. Biroq siri fosh bo‘lgach, firibgarlik moddasi bilan sud tomonidan 2 yilu 6 oyga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilindi. Oliy ma’lumotli, oq-qorani tanigan yoshda, qonunga qarshi ish qilib jazosini olganiga qaramay Alisher bundan tegishli xulosa chiqarmadi. U tanishi M. Dilnozaning ishonchiga kirib, uni Toshkent Pediatriya tibbiyot institutiga o‘qishga kiritib qo‘yishga va’da berib, avval 16.000 so‘ngra yana 2.000 jami 18.000 AQSH dollari talab qildi. Biroq 2023 yilning 7 avgustida Dilnozadan 13.000 AQSH dollari olayotgan paytida xodimlar tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi ochiq sud majlisida 1982 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan S. Alisherning qilmishini qonunan baholab, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (“Firibgarlik”) va 211-moddasi 3-qismi “a” bandida (“Pora berish”) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topdi. Hamda unga 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
Mazkur jinoyat ishi tafsilotlari Uchtepa tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, kapitan Nurmuhammad Xo‘jayarov ish yurituvidan olindi.

Barcha yangiliklar

Text to speech