10 Noyabr 2025 Yil 193

Ichki ishlar vazirligi ishchi guruh tomonidan poytaxtning Yunusobod va Mirzo Ulugʻbek tumanlarida tungi xizmat faoliyati oʻrganildi

Ichki ishlar vazirligi ishchi guruh tomonidan poytaxtning Yunusobod va Mirzo Ulugʻbek tumanlarida shaxsiy tarkibning hamkor tashkilotlar ishtirokida tungi vaqtlarda tashkil etilayotgan xizmat faoliyati, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, aholining turar joy hamda energetika obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash ishlari oʻrganilmoqda.

Xususan, Yunusobod tumanidagi kriminogen vaziyati ogʻir hisoblangan “Mirzo Ulugʻbek” mahallasida jinoyatlarni barvaqt oldini olish borasida tashkil etilgan ishlar boʻyicha mahalla yettiligi faoliyati oʻrganildi. Hududda ijtimoiy-iqtisodiy va kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, mahallada xavfsiz muhit yaratish hamda aholini dolzarb muammolarini hal etish borasida masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.

Shuningdek, tumanning Chingiz Aytmatov koʻchasida joylashgan “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari milliy tadqiqot universiteti” yotoqxonasida vaqtincha istiqomat qilayotgan oʻqituvchi va talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, elektr va issiqlik energiyasi bilan uzluksiz taʼminlanganligi hamda avariyaviy yoki boshqa favqulodda holatlar yuzaga kelishini oldini olish va bartaraf etish choralari oʻrganildi.

Ishchi guruh tomonidan Yunusobod tumani “Oloy dehqon bozori” majmuasida aholiga xizmat koʻrsatish va tadbirkorlarga yaratilgan shart-sharoitlar hamda hududda va xavfsizlikni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi.

Tadbir davomida “Toshkent shahri Mirzo Ulugʻbek nomidagi markaziy istirohat bogʻi”da xavfsizlikni taʼminlash ishlari bilan tanishildi. Mazkur maskanda xizmatni tashkil etish, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash hamda aholi va poytaxt mehmonlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar oʻrganildi.

Oʻrganishlar davomida Mirzo Ulugʻbek tumani “Yangi Olmachi” mahallasida joylashgan “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti” yotoqxonasidagi xavfsizlikka oid sharoitlar, elektr va issiqlik energiyasi taʼminoti hamda avariyaviy hodisalarni oldini olish va bartaraf etish choralari oʻrganildi. Faol talabalardan tashkil topgan “Qalqon” guruhi ishtirokchilari bilan suhbatlashildi.

Jarayonda, Toshkent shahar IIBB Migratsiya va personallashtirish boshqarmasida tungi xizmatga jalb etilgan xodimlarning ish faoliyati bilan tanishildi. Boshqarmaning maʼmuriy binosini zamon talablari asosida qayta qurish va xizmat sharoitini yaxshilash borasida mutasaddilarning taqdimoti tinglandi.

Mazkur tadbirlar mamlakatimizning barcha hududlarida davom etmoqda.

Barcha yangiliklar

Text to speech