24 Noyabr 2025 Yil 303

“Xavfsiz va sog‘lom yurt” oyligi kundaligidan

Xabaringiz bor, ayni kunlarda “Xavfsiz va sog‘lom yurt” oyligining 3-bosqichida belgilangan vazifalarning ijrosi poytaxtimiz hududlarida izchillik bilan amalga oshirib kelinmoqda. Oylik doirasida poytaxt IIBB hududiy tuzilmalari tomonidan keng qamrovli tezkor tadbirlar qatorida joriy yilning 3 noyabrida Prezidentimiz tomonidan imzolangan “ Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni bandlarining ijrosini samarali amalga oshirishga ham muhim e’tibor qaratilmoqda.

2025 yilning 22 noyabr kuni taxminan soat 12.30 larda poytaxt IIBB hamda Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB tezkor xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda o‘zini shubhali tutgan, 1974 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan fuqaro Yu. Botir xodimlarning diqqatini tortdi. Ushbu shaxs to‘xtatilib xolislar ishtirokida tekshirilganda, qo‘lidagi sumka ichidan qora sellofan paketga o‘ralgan 35 dona gugurt qutisiga solingan o‘tkir hidli, yashil moddalar borligi aniqlanib, o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirib olindi.

Sudga oid kimyoviy ekspertiza xulosasiga ko‘ra ushbu moddalar giyohvandlik vositasi ekanligi o‘z tasdig‘ini topdi.

Mazkur holat yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (“Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Hurmatli hamshaharlar va poytaxtimiz mehmonlari! Giyohvandlik moddalari yoki kuchli ta’sir qiluvchi vositalarni tarqatish bilan shug‘ullanuvchilar, shuningdek narkograffiti yozuvlarini yozib ketuvchi shaxslar haqida biror ma’lumotga ega bo‘lsangiz, IIV ning 71-231-55-54, 71-231-55-00, 77-353-5500, 77-454-55-00 telefon raqamlariga yoki @stopnarko_bot telegram bot orqali murojaat qilishingizni so‘raymiz. Murojaatchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.

Barcha yangiliklar

Text to speech