18 Mart 2026 Yil 205

Halol, sidqidildan xizmat eʼtiborsiz qolmaydi

Ichki ishlar organlari xodimlarining yurtimizda tinchlik-osoyishtalikni taʼminlash, jamoat tartibini saqlash borasida amalga oshirayotgan ishlari hukumatimiz hamda fuqarolarning eʼtiboridan chetda qolayotgani yo‘q. Yildan yilga ichki ishlar organlarining moddiy-texnika bazasi zamonaviy kuch-vositalar hamda salohiyatli, maʼnaviy-maʼrifiy yetuk xodimlar bilan jamlanib, takomillashib bormoqda. Jumladan, o‘z xizmat vazifalariga sidqidildan yondashib, davlatimiz, xalqimizning manfaatlarini munosib himoya qilib kelayotgan xodimlarning xizmatlari eʼtirof etilib, tizimli ravishda rag‘batlantirib kelinayotganini qayd etish lozim.

Shunday tadbirlarning biri “Navro‘z” umumxalq bayrami arafasida Respublika Mudofaa vazirligiga qarashli O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari davlat muzeyi, “Vatanga qasamyod” haykali maydonida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi B.Gaibnazarov, tuman prokurori, adliya katta maslahatchisi O.Mannanov, Toshkent shahar IIBB Moliya va moddiy-texnika taʼminoti boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik X.Shamsutdinov, tuman IIO FMB boshlig‘i, podpolkovnik I.Rashidov va uning o‘rinbosarlari, sohaviy xizmat rahbarlari, faxriylar hamda mehmonlar ishtirok etishdi. Yig‘ilishda ichki ishlar xodimlarining jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning erkinliklari, haq-huquqlarini himoya qilish borasida olib borayotgan fidoyi xizmatlari eʼtirof etilib, hamkasblariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan 16 nafar xodimlarga navbatdagi unvonlar, bir qator xodimlarga esa pul mukofotlari topshirildi. Bir nafar ayol xodima III-darajali “Ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni yana biri IIBBning Faxriy yorlig‘i bilan rag‘batlantirildi. Tadbir davomida tuman hokimi tomonidan 2 nafar profilaktika inspektoriga xizmat uylari, tuman IIO FMB JTSB PPX inspektorlariga xizmatda foydalanish uchun 11 dona “Cobalt” avtomashinalarining kalitlari tantanali ravishda topshirildi.

Ushbu tadbir el-yurt tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash yo‘liga taqdirlarini bog‘lagan xodimlarni ruhlantirib, xizmat vazifalariga sadoqat hamda yana-da masʼuliyat bilan yondashish, yangi yutuqlar sari ikkilanmay qadam tashlashlariga xizmat qilishiga aminmiz.

Barcha yangiliklar

Text to speech