Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 3 noyabrida “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni asosida Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB rahbariyati va masʼul xodimlari tomonidan tumanda joylashgan INHA universitetida “Giyohvandlikka “Yo‘q”, deymiz!” shiori ostida tarbiyaviy-profilaktik tadbir o‘tkazildi. Unda bilim dargohining professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar yig‘ilganlar eʼtiborini mazkur farmonning asosiy maqsadlari, mazmun-mohiyatiga qaratdi.
Xususan, giyohvandlik vositalari psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish, yoshlarda giyohvandlik illatiga murosasizlik munosabatini shakllantirish, ijtimoiy tarmoqlar orqali, aholi ayniqsa, voyaga yetmaganlar va yoshlar orasida giyohvandlik hamda zaharvandlik moddalarining tarqatilishi oldini olish masalalari qayd etildi. Giyohvandlik ortidan sodir bo‘layotgan mudhish va ayanchli jinoyatlar, oilalarning halokati, insonning tubanlashuvi kabi holatlar misollar orqali ochib berildi. Shuningdek, yoshlar sog‘lom hayot tarzini tanlashi, zulmatga emas nurga, yorqin kelajak tomon intilishlari, o‘quv dargohida faqat bilim egallash uchun harakat qilishlari lozimligi, mamlakatimizning komil va baxtli insonlari bo‘lib yetishishlari yo‘lida tinmay harakat qilishlari taʼkidlandi. Giyohvandlikning barcha ko‘rinishlariga mutlaq murosasizlik, axborot xurujlariga aldanmaslik, har qanday ubhali holatlarga hushyorlik bilan yondashishga chaqirilib, sog‘lom turmush tarziga amal qilish bo‘yicha muhim tavsiyalar aytib o‘tildi. Maʼruzalar so‘nggida talabalarning ham fikr-mulohazalari tinglanib, mavzuga aloqador ko‘plab savollariga javoblar berildi.