Yurtboshimizning respublikamiz mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish, huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash orqali ularga barham berish borasida imzolagan qarorining ijrosi poytaxt ichki ishlar xodimlarining, ayniqsa mahallalarda faoliyat yurituvchi profilaktika inspektorlarining kundalik dolzarb vazifasiga aylanib, barcha kuch-vositalar hududlarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, ish samaradorligini oshirishga qaratilgan. Profilaktika inspektorlarining mahalla ahli, “yettiligi”, korxona-tashkilotlar mas’ullari bilan bir yoqadan bosh chiqarib jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarga qarshi kurashi natijasida ko‘plab mahallalarda tinchlik va osoyishtalik hukm surmoqda. Poytaxtimizning Chilonzor tumanida joylashgan “Xirmontepa” mahallasida yetti mingga yaqin turli millat vakillari istiqomat qilib kelishadi. Mahalla “sariq” toifada. Mahallada tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash, jinoyatchilik, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish orqali mahallani namunali “yashil” toifaga o‘zgartirish mazkur hududda xizmat olib borayotgan ichki ishlar xodimlari, profilaktika inspektorlarining maqsadi. Joriy yilning 13 mart kuni mahalla hududini aylanib yurgan kapitan Laziz Abdikarimov 42-uyning oldidan o‘tayotib, ikki yigitning xatti-harakatiga e’tiborini qaratdi. Ular formali xodimni ko‘riboq, ko‘zlarini olib qochib, ketishga taraddudlanishdi. Laziz ularning oldiga borib, shaxsi, kimni kutayotgani haqida so‘rab-surishtirayotganida ular gapni chalg‘itib, tezroq ketishga urinishdi. Laziz ularning qo‘lidagi qora sumkasini ochishni so‘raganida ular sumkani tashlab qocha boshlashdi. Jismoniy mashg‘ulotlarda chiniqqan Laziz ularni quvib ketarkan, mahalla ahli yordamga oshiqishdi. 2004 yilda tug‘ilgan har ikki zahri-qotil tarqatuvchi yigitlar qo‘lga olinib, xolislar ishtirokida sumka tekshirilganda, uning ichida kapsula shaklidagi 285 dona kuchli ta’sir qiluvchi psixotrop moddalar aniqlanib olindi. Yigitlarning telefoni tekshirilganida, ular 2 joyga 5tadan 10ta xuddi shunday kapsulalarni maxfiy yashirib qo‘yganligi aniqlandi. Kapitan Laziz Abdikarimov ichki ishlar organlaridagi faoliyatini 2019 yilda Respublika IIV Akademiyasini bitirib, Mirobod tumani “Yangi Mirobod” mahallasi profilaktika inspektori lavozimidan boshlagan. So‘ng Chilonzor tumanida joylashgan og‘ir – “qizil” toifada bo‘lgan “Beshqo‘rg‘on” mahallasida xizmatni davom ettirdi. 2025 yildan mazkur “Xirmontepa” mahallasida profilaktika inspektori bo‘lib xizmat qilib kelmoqda. Uning hushyorligi va tezkor harakatlari tufayli necha o‘nlab xonadonlarga kulfat keltiruvchi, oilalar parokandaligiga sabab bo‘luvchi jinoyatlar kelib chiqishining oldi olinishiga erishildi. Uning kasbiga fidoyiligi, burchiga sadoqati, matonati rahbariyat tomonidan e’tiborsiz qoldirilmadi. Kuni kecha Toshkent shahar IIBB majlislar zalida o‘tkazilgan yig‘ilishda poytaxtning Chilonzor tumani IIO FMB HPB profilaktika inspektori, kapitan Laziz Abdikarimovga navbatdan tashqari “mayor” unvoni berildi. Mazkur unvon lavhamiz qahramonini o‘z burchiga mas’uliyatini yanada kuchaytirib, zimmasidagi vazifalarni sidqidildan bajarishida ruhlantirib, yangi muvaffaqiyatlar sari yetaklashi, tabiiy.