8 May 2025 Yil 696

Yoshlarimizni yorqin va sog‘lom hayotga undaymiz

Jamiyatimizning yetakchi kuchlari yoshlardir. Ularning bilimi, sog‘lom fikrlashi, sog‘lom turmush tarzi, ruhiy va jismoniy kamoli, g‘ayrat- shijoatiga ko‘p narsalar xususan, yurtimizning kelajakdagi qiyofasi bog‘liq. Biroq tashqi va ichki salbiy taʼsir kuchlari yoshlardan o‘z jinoiy va g‘araz maqsadlarida foydalanishdan tap tortishmayapti. Kuni kecha poytaxtning Olmazor tumanidagi qator universitet va institutlarida “Xavfsiz va sog‘lom yurt” oyligi doirasida o‘tkazilgan uchrashuv, davra suhbatlari yoshlarni giyohvandlik balosidan asrash, internet tarmoqlarida berib borilayotgan noqonuniy diniy taʼlimotlar, kibertahdid va kiberjinoyatlardan himoyalanish, unga qarshi immunitetni shakllantirish masalalariga qaratildi. Tuman IIO FMB rahbariyati, hokimlikning mutasaddilari, mahalla yettiligi, mahalla faollari hamkorligida o‘tgan uchrashuv, davra suhbatlari tumanda joylashgan Toshkent Farmatsevtika instituti, Toshkent Davlat tibbiyot, Turin politexnika universitetlarining maʼmuriyati, tyutorlari hamda talaba yoshlarini qamradi. Unda maʼruza qilgan tuman IIO FMB boshlig‘i Mahkam Vafoyev yoshlar o‘rtasida giyohvandlik moddalarini isteʼmol qilish hamda u bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olish, uning ayanchli va mudhish oqibatlari haqida maʼlumotlar berish bilan birga mahallalarda sodir etilgan giyohvand moddalari aylanmasi, firibgarlik, tovlamachilik va tan jarohati yetkazish jinoyatlarining muhokamasini ham o‘rtaga tashladi. Yuz marta eshitgandan, bir marta ko‘rgan yaxshi deganlaridek, uchrashuvda aybdorlarning o‘z qilmishlari tafsiloti va pushaymonligini o‘z tillaridan izhor etgan videolavhalarning jonli namoyish etilishi yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otib, ularning o‘z taassurotlari, mulohazalari bilan bo‘lishish, fikrlarini bayon qilish faolligini oshirdi, qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Shuningdek, oylik doirasida yoshlar o‘rtasida giyohvandlik moddalarining aylanmasiga chek qo‘yish, yoshlarni zahri-qotil iskanjasidan asrash muammolariga bag‘ishlangan ochiq muloqot tarzida uyushtirilgan uchrashuv O‘zbekiston Milliy universiteti talabalari ishtirokida ham bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda talabalar oldida maʼruza qilgan tuman IIO FMB 4-sonli IIB boshlig‘i nafaqat narkotik moddalarining insoniyatga solayotgan xavfi, butun-butun mamlakatlarni inqirozga yetaklayotgan tahdidlar, kibermakonda bo‘layotgan firibgarliklar haqida ham ogohlantirdi. O‘z so‘zining tasdig‘i sifatida sodir etilgan giyohvandlik va kiberfiribgarliklar tafsilotlarini misollar tariqasida keltirdi. Muloqot qizg‘in munozaralar tarzida o‘tib, yakunida yoshlarni qiziqtirgan savollariga javoblar berildi.

Barcha yangiliklar

Text to speech