Kuzning oxirlari. Kun qisqa. Soat beshlardan og‘ib tezda qorong‘ulik tushadi. Bu vaqtda bekorchilikdan Bektemir tumanida joylashgan bozorda aylanib, narx-navolarni shunchaki surishtirib yurgan Obidning uyali telefoni jiringladi. Omadni qarang-ki, qo‘ng‘iroq qilayotgan kishi shu yaqin-atrofda ekan. Oradan o‘n daqiqa ham o‘tmay ular bir-birlarini topib uchrashishdi. Abdulahad ijtimoiy tarmoqlar orqali ekin urug‘larini sotish bilan shug‘ullanib kelayotgan Obid bilan bog‘lanishni allaqachon diliga tugib yurgan ekan. Atay uni izlab uzoqdan tashrif buyuribdi, ekish va sotish uchun ming kilogramm beda urug‘ini xarid qilish niyatida ekan. Ular uzoq suhbatlashishdi. Abdulahad bir oy ichida, yaʼni 2023 yilning yanvaridan kechikmay ming kilo oliy navli beda urug‘ini olishiga ishonib, Obidning qo‘liga 3.300 AQSH dollarini topshirdi. Oradan oylar o‘tdi. Kelishilgan oyda ham, undan keyin ham urug‘lardan darak bo‘lmadi. Avvaliga “... 500 kilosini topib qo‘ydim, yana bir oz sabr qiling, hammasini bittada jo‘nataman, yo‘lkiradan yutasiz”, deb vaʼdani quyuq qilayotgan Obid muhlat yaqinlashavergach, umuman telefonini o‘chirib qo‘ydi. Urug‘ ekish pallasi ham o‘tib ketdiki, Obiddan darak bo‘lmadi. Chuv tushganini anglagan Abdulahadning ichki ishlar organlariga murojaat qilishdan boshqa chorasi qolmadi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudi ochiq sayyor sud majlisida 1989 yilda tug‘ilgan, maʼlumoti o‘rta, muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlangan S.Obidning jinoiy qilmishlarini qonunan ko‘rib chiqdi. Uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan aybli deb topdi. Ayblanuvchining qilmishidan pushaymonligi, oilaviy ahvoli, aybiga to‘liq iqrorligi, jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni to‘liq qoplaganligi va jabrlanuvchining daʼvosi yo‘qligi inobatga olinib, sud tomonidan Obid ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil ahloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qilindi.
Mazkur jinoyat ishi tafsilotlari bilan Bektemir tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant Bobur Davletov tanishtirdi.