28 Iyun 2025 Yil 577

Yosh huquqshunoslar finalga yo‘l olishdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil qabul qilgan “O‘quvchi yoshlarni chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida yoshlarning har tomonlama bilimlarini ayniqsa, huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyatini oshirish borasida qator vazifalar belgilangan. Unga ko‘ra yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlarini samarali tashkillashtirish, rejalashtirilayotgan harbiy vatanparvarlik, huquqiy savodxonlikka yo‘naltirilgan yirik loyihalarni yagona tizim ostida muvofiqlashtirish yuzasidan Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Adliya vazirligi, Oliy sudi, Bojxona qo‘mitasi, Oliy ta’lim, Fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi,“Vatanparvar” tashkiloti markaziy kengashi va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi hamkorligida qo‘shma qaror qabul qilingan. Mazkur qarorga ko‘ra “Besh tashabbus” platformasida ko‘zda tutilgan tadbirlarning biri sifatida poytaxt tumanlarida 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida “Yosh huquqshunos” tanlovi o‘tkazib kelinadi. Kuni kecha esa tuman bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan huquqshunoslarning Toshkent shahar bosqichi o‘tkazildi. Toshkent shahar IIBB, Yoshlar ishlari agentligi shahar boshqarmasi hamda Maktab va maktabgacha ta’lim boshqarmasi hamkorligidagi “Harbiy vatanparvarlik spartakiadasi” doirasida o‘tkazilgan mazkur huquqiy tanlovda barcha savollarga to‘g‘ri va aniqlik bilan javob bergan Yangihayot tumanida joylashgan 3-sonli maktab o‘quvchisi Abdullo Qurbonmurodov 1-o‘rinni egalladi. 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida esa g‘oliblik O‘zbekiston respublikasi Huquqni muhofaza qilish Akademiyasi talabasi Shahzodbek Qurbonovga nasib etdi. G‘oliblar diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar. Birinchi faxrli o‘rin sohiblari tanlovning Respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi. G‘oliblarga keyingi bahslarida muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilab qolamiz.

Barcha yangiliklar

Text to speech