Respublikamizning shahar, tumanlarida rahbar hamda vakolatli xodimlarning fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash borasida amalga oshirib kelayotgan shaxsiy va sayyor qabullari ko‘plab muammoli masalalarni hal qilishda o‘z samaradorligini ko‘rsatmoqda. Xalq dardi bilan yashash, yuzma-yuz o‘tirib, ularning muammolarini o‘rganib yechimini topish, xalq ichiga kirib borish orqali yurtdoshlarimizning adolat, qonun ustuvorligiga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanmoqda. Shayxontohur tumanida joylashgan “O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi”ning bog‘ida ana shunday qabullarning navbatdagisi bo‘lib o‘tdi. Unda tuman rahbarlari: hokim Bobur Abubakirov, IIO FMB boshlig‘i Otabek Jamolov, tuman prokurori Akmal Usmanov, davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Xojiakbar Mulladjanovlar oliy ta’lim muassasalari va maktab bitiruvchilari bilan uchrashdilar. Ochiq muloqot shaklida tashkil etilgan bu qabul yoshlarning mavjud muammolarini hal etish, kelajakdagi ustuvor yo‘nalishlarni belgilash va bandligini ta’minlash bilan bog‘liq muammolarga qaratildi. Ushbu sayyor qabulda tuman IIO FMB boshlig‘i polkovnik O.Jamolov tomonidan 15 nafar yoshlar qabul qilinib, ularning 10 nafarini doimiy ish bilan ta’minlash, 3 nafariga imtiyozli kredit ajratish, 2 nafariga ijtimoiy-maishiy yordam ko‘rsatish masalalari ko‘rib chiqildi. Har bir yoshning murojaatlarini ijobiy hal qilish bo‘yicha tegishli mutasaddilarga zaruriy topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi. Bu kabi kelajagimiz davomchilariga bo‘lgan e’tibor poytaxtimizning barcha tumanlarida amalga oshirilmoqda.