1 Noyabr 2025 Yil 388

Diqqat markazida: ayollar va bolalar haq-huquqlari

Gender asosida zo‘ravonlik butun dunyoda uchraydi. Shu sababli har yili “25-noyabr – Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish xalqaro kuni” sifatida nishonlanadi. Afsuski, mamlakatimizda ham bu illatga hamon barham berilgani yo‘q. Prezidentimiz tomonidan xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, ularni qo‘llab-quvvatlash, haq-huquqlarini kafolatlash hamda tazyiq va zo‘ravonliklardan asrashga qaratilgan qator farmon va qarorlari bu jarayonning dolzarb va muhimligidan darakdir. Ushbu kun munosabati bilan Toshkent shahar IIBB tomonidan qator idoralar hamkorligida ishlab chiqilgan reja asosida joriy yilning 1 noyabridan 25 noyabriga qadar “Biz zo‘ravonlikka qarshimiz” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilishi belgilangan. Mazkur tadbirlarda ayol-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlash, qonuniy huquqlarini ta’minlash hamda ularni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha amaliy ishlar ko‘zda tutilgan. Xususan, mahalla va idora-tashkilotlarda xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunlar targ‘ibotiga keng o‘rin berilgan. Mavzuga oid videoroliklar, sahna ko‘rinishlari, buklet va eslatmalar, tarqatma materiallar orqali ommaga ayollar va bolalarning haq-huquqlari, himoya choralari, zarurat tug‘ilganda qaysi mahkamalarga murojaat qilishlari mumkinligi haqidagi ma’lumotlar yetkaziladi.

Shuningdek, mahalladagi namunali oilalar, ibratli qaynona-kelinlar bilan ochiq muloqot va davra suhbatlari o‘tkaziladi. Mahallalarda istiqomat qiluvchi ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarga ko‘mak berish, qo‘llab-quvvatlash kabi tadbirlar ham mazkur rejaning asosini tashkil qilgan bo‘lib, mas’ullar va mutasaddilar hamkorligida ularni oila-turmush munosabatlaridagi muammo va kamchiliklari o‘rganilib, bartaraf etish choralari ko‘riladi. Mazkur tadbir poytaxtimizda istiqomat qiluvchi oilalar, mahalla ahlini tashvishlantirib kelayotgan ko‘plab muammolariga yechim topishi, oilalar jipsligini ta’minlashi, ayol-qizlarimizni baxtli yashashga haqli ekanliklariga ishonchi ortishiga xizmat qiladi.

Barcha yangiliklar

Text to speech