O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan 12-yanvar kuni poytaxtimizda Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar harbiy boʻlinmalarining tantanali piyoda yurish marosimi bo‘lib o‘tadi.
Harbiy boʻlinmalarning tantanali piyoda yurishlari O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetidan (Mo‘ljal: "Pushkin" metro bekati) soat 11.00 da boshlanadi va 13.00 ga qadar davom etadi.
Harbiy bo‘linmalar dastlab boshlanish nuqtasidan "Parkent" va "Mustaqillik" ko‘chalari bo‘ylab harakatlanib, Amir Temur xiyobonidagi toʻxtash nuqtasida faxriy qorovul jamoasi va qoʻl jangi ustalarining koʻrgazmali chiqishlari, boʻlinmalarning jangovar chaqirigʻi, harbiy orkestrning defile namoyishlari ijro etiladi. Shundan so‘ng bo‘linmalar "Mustaqillik" va "Temiryo‘l" ko‘chalari bo‘ylab manzilga qaytadilar.
12-yanvar kuni yuqorida keltirilgan ko‘chalarda soat 11.00 dan 13.00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida avtotransport vositalari harakati vaqtinchalik cheklanadi. Yuzaga kelayotgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz va barchani ushbu tadbirlarda faol ishtirok etishga chorlaymiz!