Toshkent shahar IIBB shaxsiy tarkibi bilan haftaning har dushanba kuni o‘tkazib kelinayotgan “Ma’naviyat va ma’rifat darsi”da yoritilayotgan mavzular xodimlarning dunyoqarashini kengaytirish, ma’naviy saviyasini oshirish barobarida kasb tayyorgarligi hamda xizmat faoliyatini samarali olib borishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Navbatdagi Ma’naviyat va ma’rifat darsi “Stressni yengish va xizmat jarayonida ruhiy barqarorlik” mavzusiga bag‘ishlandi. IIBB shaxsiy tarkibi oldida Respublika IIV Akademiyasi Xizmat psixologiyasi va kasbiy madaniyati kafedrasi boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Y.Parpiyev ma’ruza qilib, yig‘ilganlar e’tiborini yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, mazkur islohotlarning ustuvor maqsadi inson omili, ma’naviy barkamolligi ekanligi, yangi davr har bir insondan o‘z ichki imkoniyatlarini xolis baholash, psixologik bilimlar zaxirasini chuqurlashtirish orqali yaqinlari va hamkasblarining ruhiy dunyosini bilish va o‘rganishni taqozo etishini ta’kidladi. Shuningdek, xodimlar har kunlik xizmat faoliyatida psixologik faollik, ruhiy, his-hayajonli barqarorlik va stressga chidamlilikni saqlab turishlari zarurligini, ayniqsa yosh xodimlar bu jarayonda qiyinchiliklarga duch kelishi bunday holatlarda jamoaviy qo‘llab-quvvatlashning o‘rni salmoqli ekanligi, ya’ni stress holatini 40-70 foizgacha kamaytirishi va ruhiy barqarorlikni oshirishi mumkinligiga e’tiborni qaratdi. Mavzu yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ma’ruzadan so‘ng yig‘ilganlar e’tiboriga “Tahlilnoma” axborot dasturi namoyish etildi.