12 Fevral 2025 Yil 933

Chaqqon va abjir talonchi

23 yoshida inson oq-qorani tanigan, yaxshilik bilan yomonlik, qonuniy va jinoiy ishlarning farqiga boradigan yoshda bo‘ladi. Kamron esa bu yoshda bezorilik sodir etib, qilmishi uchun uch yilga ozodlikdan mahrum etilgandi. Qamoqdan chiqib to‘g‘ri yo‘lni tanlash o‘rniga talonchilik, transport vositasini olib qochish kabi qator jinoyatlarni sodir etib xavfli residivist maqomini oldi. 2024 yilning 3 yanvarida soat 20.00 larda Olmazor tumani Shimoliy Olmazor mavzesida joylashgan “Paynet” shahobchasiga kirib, operator B.Azizjonga go‘yoki plastik kartasiga 682.000 so‘m o‘tkazmoqchi ekanligini aytib, cho‘ntaklarini titgan bo‘ldi. Va Azizjonga o‘tkazmani amalga oshiraverishi, puli mashinada qolib ketganligi aytib, hozir mashinasidan pulni keltirib berishga ishontirib, R.Rajab nomiga olingan karta raqamlarini ko‘rsatadi. Chek hujjatini o‘zining telefoniga suratga olib, shoshilinch ko‘chaga otlandi. Qo‘li pul ko‘rmay pulni o‘tkazib bo‘lgan Azizjon naqd pulni olish maqsadida, Kamronning ortidan chiqdi. Ammo u yashin tezligida taksiga o‘tirib qochishga ulgurdi. Azizjon avtomashinaning ortidan “to‘xta, hoy, to‘xta” degancha ancha yugurib borganiga qaramay, Kamron ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi. Ertasi kuni u soat 12.30 larda Shayxontohur tumanidagi “Paynet” shahobchasiga kirib operator D.Ruhsoraga 507.000 so‘m pul tushirmoqchi ekanligini aytadi. Qiz komp'yuterga kerakli ma'lumotlarni kiritib bo‘lgach, pullarni tushirishdan avval naqd to‘lov qilishni so‘raganida u: “To‘lovni tushiraver, hozir mashinamdan olib kelib beraman”, deydi. Qiz ko‘nmay so‘zida turib olganida, aldovi ish bermasligini sezgan Kamron surbetlarga komp'yuterning oldiga o‘tib, “Enter” tugmasini bosib, pul uning hisobiga tushishiga erishib, qochib ketadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudi ochiq sud majlisida, 1993 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan H.Kamronning qilmishlarini ko‘rib chiqdi va O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi 3-qismi “a” bandi (“Talonchilik”) bilan aybli deb topdi. Sud uning qilmishiga pushaymonligi, yetkazilgan zararni qoplaganligini inobatga olib 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qildi.

Mazkur jinoyat ishi tafsilotlari bilan Toshkent shahar IIBB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurash boshqarmasi Tergov bo‘limi katta tergovchisi, mayor Sharofiddin Yuldashev tanishtirdi.

Barcha yangiliklar

Text to speech