Bugun mamlakatimizda Ichki ishlar organlari xodimlari kuni nishonlanmoqda.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tizim xodimlari va faxriylariga bayram tabrigini o‘qib eshittirdim.
Qutlovda ichki ishlar tizimini xalqchil va samarali tuzilmaga aylantirish bo‘yicha so‘nggi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalik muhitini mustahkamlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha mustahkam zamin yaratilgani ta’kidlangan.
Jinoyatchilikning oldini olish, mahallalarda xavfsiz muhit yaratish, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalangan holda jamoat xavfsizligini ta’minlash, kiberjinoyatchilik va giyohvandlikka qarshi kurashish sohasida erishilayotgan yutuqlar bilan birga, soha oldida turgan ustuvor vazifalar qayd etilgan.
Prezidentimiz tabrigida xalqimiz hayotini yanada osoyishta va fayzli qilishga qaratilgan harakatlar bundan buyon ham ustuvor darajada izchillik bilan davom ettirilishi, ichki ishlar xodimlarining mehnatini munosib qadrlash, zamonaviy ish sharoitlari bilan ta’minlash, malakali kadrlar tayyorlash masalalari doimo e’tibor markazida bo‘lishi ta’kidlangan.
Davlatimiz rahbari ichki ishlar organlari xodimlariga tinchlik va xavfsizlik yo‘lidagi sharafli va mas’uliyatli xizmatida katta muvaffaqiyatlar tiladi.