14 Noyabr 2025 Yil 355

Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilamiz

Bolalar kelajagimiz. Ularning barkamol, vatanparvarlik, xalqparvarlik, adolatparvarlik, ajdodlarimiz merosi va an’analariga sodiqlik ruhida voyaga yetishlarida kattalarning ularga bo‘lgan munosabati, muomalasi, ibrati muhim ahamiyatga ega. Biroq, ayrim kattalar, ona-onalar tomonidan farzandlariga qo‘pol muomala qilish, kamsitish va jismoniy zo‘ravonlik ko‘rsatish holatlarining sodir etilayotganini inkor etib bo‘lmaydi. Bu kabi holatlar bolalar ruhiyati va hissiyotlari, jismoniy shakllanishiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. “Biz zo‘ravonlikka qarshimiz!” oyligi doirasida Yunusobod tumani IIO FMB tashabbusi bilan “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishda mas’ul subyektlarning hamkorligi” mavzusida uchrashuv tashkil etildi. Unda asosiy e’tibor bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish bo‘yicha mas’ul subyektlar faoliyatini muvofiqlashtirish, hamkorlikdagi ishlar samaradorligini oshirish hamda profilaktik choralarni yanada kuchaytirish jarayonlariga qaratildi. Tadbirda tuman hududiy ichki ishlar bo‘limlari, Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlar, voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlar, tuman Maktabgacha va maktab ta’limi, Xotin-qizlar va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari, Bolalar ishlari bo‘yicha komissiyasi, sog‘liqni saqlash muassasalari hamda mahalla faollari ishtirok etishdi. Uchrashuvda har bir subyektning o‘z yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlari va mavjud muammolar haqida axborotlari tinglandi. Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini oldini olish, oiladagi nosog‘lom muhitni erta aniqlash, maktab va mahallalarda profilaktik ishlar samaradorligini oshirish masalalari, mas’ul tashkilotlar o‘rtasida ma’lumot almashinuvi sifati hamda tezkorligini yaxshilash hamda hamkorlikda amaliy choralar ko‘rish mexanizmlari muhokama qilindi. Uchrashuv yakunida har bir mas’ul tashkilot oldiga aniq vazifalar yuklatildi. Jumladan, profilaktik suhbatlar sonini, bolalar bilan ishlovchi mutaxassislar malakasini oshirish, ota-onalar bilan yakka tartibda tushuntirish ishlari, profilaktik suhbatlarni ko‘paytirish, aniqlangan har bir holatga tezkor munosabat bildirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha choralar belgilandi. Jumladan, kelgusi istiqbolda bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha subyektlar o‘rtasida doimiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi, monitoring ishlarining tizimli ravishda olib borilishi, aholi o‘rtasida ma’rifiy tadbirlar, seminar-treninglar, ochiq muloqot va targ‘ibot aksiyalarini yanada jadallashtirish rejalashtirildi.

Barcha yangiliklar

Text to speech