19 Iyun 2025 Yil 512

“Bizning inspektorimiz”

Dunyoda kasblar ko‘p. Inson har birining qiyin tomonlari, mashaqqatini bilsa-da qalb amri bilan tanlaydi. Mirolimning otasi – Mirodil aka uzoq yillar poytaxt ichki ishlar organlarida sidqidildan xizmat qilib, ayni damda qarilik gashtini surib kelayotir. Mirolim otasi izidan borishga ahd qilganida hali o‘rta maktabni tugatmagan edi. O‘zbekiston respublikasi Qurolli Kuchlari safida yigitlik burchini o‘tab qaytgan Mirolim, ota izidan borib, o‘z hayotini yurtimiz tinchlik-osoyishtaligini saqlashdek sharafli vazifaga bag‘ishlashga qaror qildi. “Avvallari otangni ishdan qaytishini kutardim, endi sening ham ishdan qaytishingni kutarkanman-da...”, deya onasi Dono opaning oq fotiha berishdan boshqa iloji qolmagandi o‘shanda. Chunki, Mirolim ko‘rinishidan yumshoq tabiatli, xushmuomala bo‘lgani bilan bir so‘zli, qatʼiyatli va boshlagan ishini oxiriga yetkazmay qo‘ymaydiganlardan edi. U 2008 yilda Toshkent shahar IIBB huzuridagi “Qo‘riqlash” boshqarmasi 2-sonli alohida qo‘riqlash batalyoni 5-otryadida safdorlikdan ish boshladi. Otryad komandiri, kapitan Husniddin Boynazarov unga murabbiylik qilarkan, undagi g‘ayrat-shijoat, halollik va rostgo‘ylik, tirishqoqlik, bilimga chanqoqlikni ko‘rib, “sen o‘qi, oldinga intil, ofitser bo‘l, yuqoriga chiqishga harakat qil, bilimlaringni zoeʼ ketkazma!”, deb o‘qishga undadi. Shu yilning o‘zidayoq Mirolim Toshkent Oliy harbiy texnika bilim yurtiga hujjatlarini topshirib, kursantlikka qabul qilindi. Kursantlik yillari ham ko‘z ochib yumguncha o‘tib ketdi. 2012 yilda komandirlik fakultetini tamomlagan Mirolim poytaxt IIBB Chilonzor tumani IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi profilaktika inspektori lavozimiga tayinlanib, tumanning “Bo‘rijar” mahallasiga biriktirildi. O‘sha yillari aksariyat jinoyatlar avtomashinalarni olib qochish, o‘g‘irlik, firibgarlik, tan jarohati yetkazish, bezorilik kabilarni tashkil etardi. Shu yilning o‘zidayoq Mirolim mahalla faollari boshini biriktirib, avtomashinalar olib qochilishi, o‘g‘irlik jinoyatlarini tezkorlik bilan fosh etibgina qolmay, ularni kamaytirishga erishdi. Bugungi kunda mayor Mirolim Sultonov tumanning “Mehrjon” mahallasiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Mahallada 5.200dan ortiq turli millat vakillari istiqomat qilib keladi. Joriy yilning boshidan oltita jinoyat – ikkita firibgarlik, to‘rtta o‘g‘irlik jinoyatlari “issiq izidan” fosh etildi. Olib borilayotgan hamkorlikdagi ishlar natijasida mahalla “qizil” toifadan “sariq” toifaga o‘tkazildi. Prezidentimizning joriy yil boshidan mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish chora-tadbirlari yuzasidan qabul qilgan qaroriga asosan, Mirolim mahalla yettiligi, korxona-tashkilotlar masʼullarini ishga solib mahallaning zaruriyati va gavjumligini hisobga olgan holda, 290 ga yaqin videokuzatuv kameralari, “Qo‘riqlash” bo‘limi yordamida 26 ta “Tashvish” tugmalarini o‘rnatishda bosh-qosh bo‘ldi. Uning yurt tinchligi, mahalla osoyishtaligini taʼminlash borasida olib borayotgan ishlari rahbariyat tomonidan eʼtiborsiz qolayotgani yo‘q. O‘tgan yili 25 oktyabr – O‘zbekiston respublikasi Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan mayor Mirolim Sultonov O‘zbekiston respublikasi Ichki ishlar vaziri tomonidan esdalik qo‘l soati bilan taqdirlangani ana shu fidoiy xizmatlarining munosib eʼtirofidir.

– Mahalla hududida uch nafar spirtli ichimliklarga ruju qo‘ygan, ikki nafar giyohvand moddalar isteʼmol qiladigan fuqarolarimiz bor edi, – deydi maha lla fuqarolar yig‘ini raisi Bobur Amatov. – Profilaktika inspektorimiz Mirolim Sultonov ularni tegishli muassasaga joylashtirib, majburiy davolanishini taʼminladi. Ko‘p yillardan buyon tinchligi va halovati bo‘lmagan oilada bugungi kunda tinchlik-osudalik hukm surib, ro‘zg‘origa baraka kirgan.

Mahalla raisining so‘zlariga ko‘ra mahalla ahli mayor Mirolim Sultonovni profilaktika inspektori deb emas, “bizning inspektorimiz” deb o‘zgacha faxr bilan tilga olishar ekan. Bu mahalla ahlining unga bo‘lgan ishonchi va hurmatidan darak, albatta. Zotan, inson uchun eng yaxshi baho, uning ortidan yaxshi so‘zlarning aytilishidir.

Barcha yangiliklar

Text to speech