25 Noyabr 2025 Yil 363

“Biz zo‘ravonlikka qarshimiz!” shiori ostida tadbir bo‘lib o‘tdi

Xotin-qizlarning jamiyatda tutgan o‘rnini mustahkamlash, yurtimizning ijtimoiy va siyosiy hayotida mavqei va rolini kuchaytirish, huquq va manfaatlarini taʼminlash, tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilish bo‘yicha BMT Bosh Assambleyasining 1999 yilgi rezolyutsiyasiga ko‘ra “25 noyabr - Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni” etib belgilangan. Har yili mana shu sana munosabati bilan yurtimizda ham turli madaniy, maʼrifiy, huquqiy tadbirlar o‘tkazib kelinadi.

“Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni” munosabati bilan Ichki ishlar vazirligi Madaniyat saroyida Toshkent shahar IIBB tashabbusi bilan “Biz zo‘ravonlikka qarshimiz” shiori ostida tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda poytaxt IIBB rahbariyati, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi, poytaxt tumanlari hokim o‘rinbosarlari, hududiy tuzilmalar masʼullari, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektorlar, mahalla xotin-qizlar faollari va boshqa tashkilotlar mutasaddilari ishtirok etishdi. Tadbirda qayd etilganidek, bugungi kunda xotin-qizlarimizning huquq va manfaatlarini taʼminlashga bo‘lgan eʼtibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Bu yo‘nalishda Prezidentimiz hamda Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinayotgan qator qonun, farmon va qarorlar o‘z samarasini bermoqda. Ushbu meʼyoriy hujjatlar asosida ayollarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga ijtimoiy, huquqiy, tibbiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi yaratilgan. “Inson” ijtimoiy markazi, Oila va xotin-qizlar boshqarmalari, sohaviy xizmatlar, mahalla yettiligi hamkorligida samarali ishlar olib borilmoqda. Bu jarayonlardan maqsad, jamiyatimizda zo‘ravonlikka, tazyiqqa qarshi kurashish, xotin-qizlarning huquq va erkinliklarini himoyalash, oilada ayolga nisbatan hurmat, mehr-muhabbat tuyg‘usini shakllantirish, xotin-qizlarimizni jamiyatdagi faol ishtirokini taʼminlash kabilarni tashkil etadi. Joriy yilda poytaxtimizda xonadonbay o‘rganish natijasida uch yarim mingdan ortiq nizoli oilalar aniqlanib, ular xavflilik darajasiga ko‘ra toifalarga ajratilgan. Mazkur nizoli oilalarning barchasi ichki ishlar organlarining masʼullariga biriktirilgan. Prezidentimizning “Zo‘ravonlik – bu jinoyat, zo‘ravonlik bizning madaniyatimiz emas!” degan so‘zlari ham bu borada bizga dasturulamal bo‘lib xizmat qilishi taʼkidlandi. Biriktiruv tizimini muvofiqlashtiruvchi poytaxt va tumanlar shtablari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Nizoli oilalarni o‘rganish, tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilishi jarayonida ikki yarim mingdan ortig‘ida kelishmovchiliklar bartaraf etilib, mingdan ortiq oilalar yarashtirildi. Biroq amalga oshirilayotgan ishlarga qaramay, ayrim oilalarda tazyiq va zo‘ravonlik holatlari, huquqbuzarliklar va jinoyatlar sodir etilmoqda. Tazyiq va zo‘ravonlik holatlarning oldini olish maqsadida xotin-qizlarga himoya orderi rasmiylashtirish uchun maxsus “E-himoya”, “SOS”, “E-order” kabi elektron tizimlar joriy etildi. Himoya orderi rasmiylashtirilgan xonadonlarga “Tashvish” tugmalari o‘rnatildi. Joylarda xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlar tomonidan mahallalar, idora va tashkilotlar, o‘quv dargohlarida olib borilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, huquqiy savodxonligini oshirish bo‘yicha targ‘ibot, suhbat va profilaktik uchrashuvlar o‘tkazildi. Shu bilan birga, namunali oilalar, xotin-qizlar rag‘batlantirilib borilmoqda. Davlatimiz tomonidan ayollarning taʼlim olishi, ishlashi, jamiyat boshqaruvidagi faoliyatini kuchaytirish bo‘yicha yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida so‘zga chiqqanlar tomonidan batafsil maʼlumot berildi. Tadbirda so‘z olgan probatsiya hisobida turuvchi Sh.Nodira o‘z hayot yo‘lini izga solishda, halol mehnat bilan oilasini tebratishda katta yordam bergan ichki ishlar organlari xodimlariga o‘z minnatdorligini bildirdi. 

Shuningdek, tuman masʼullari tomonidan tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlar bilan amalga oshirilgan ishlar, “Biz zo‘ravonlikka qarshimiz!” shiori ostida noyabr oyi davomida tashkillashtirilgan maʼrifiy-madaniy tadbirlarni yuqori darajada o‘tkazib, katta natijalarga erishgan bir guruh xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlar va mahalla xotin-qizlar faollari, tuman jamoalari yetakchilarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Tadbir yakunida hokimlik, mahalla masʼullari, tumanlar IIO FMB rahbarlariga xotin-qizlar, nizoli oilalar bilan yakka tartibda suhbat va profilaktik tadbirlar o‘tkazish, jinoyat qurboniga aylanishi mumkin bo‘lgan ayollar bilan “viktimologik” profilaktik ishlarni, “xonadonbay” ishlash tizimini takomillashtirish, ayollar o‘rtasida jinoyatchilik, axloq-odob doirasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha aniq va manzilli chora-tadbirlarni belgilash, yoshlarning turli ommaviy axborot vositalari, diniy ekstremistik oqimlar va terrorchi tashkilotlar taʼsiridan himoyalash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirish bo‘yicha qator vazifalar belgilandi. Tadbirning rasmiy qismidan so‘ng badiiy qismi “Parizoda” raqs ansabli, taniqli xonanda-sozandalar hamda O‘zbekiston Davlat sanʼat va madaniyat instituti, respublika estrada va sirk kolleji talabalari tomonidan tayyorlangan musiqiy chiqishlar, sahna ko‘rinishlari bilan davom ettirildi.

Barcha yangiliklar

Text to speech