12 May 2025 Yil 895

Bayram munosib kutib olindi

9 may – Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan butun yurtimizda davom etayotgan bayram tantanalari Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida ham bo‘lib o‘tdi. Bayram munosabati bilan tashkillashtirilgan tadbirda sohada namunali xizmat qilib kelayotgan xodimlar, faxriylar, xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan xodimlarning oila a’zolari, keng jamoatchilik vakillari qatnashdilar.
Tadbir boshida poytaxt hududida tinchlik-osoyishtalikni saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarning oldini olishda xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida vafot etgan xodimlarning qahramonliklari yodga olinib, IIBB hovlisida o‘rnatilgan monument poyiga gulchambarlar qo‘yildi.
Tadbirning tantanali ochilish marosimida Bosh boshqarma boshlig‘i, polkovnik Ravshan Sultanxodjayev tomonidan Ichki ishlar vazirining bayram tabrigi o‘qib eshittirildi. So‘ngra davraga sidqidildan xizmat qilib, nafaqada qarilik gashtini surayotgan, shu bilan birga yosh xodimlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga, o‘z tajriba va kasbiy mahoratlari hamda malakalarini o‘rgatishga vaqt topayotgan faxriylar taklif etildi. Ularga IIV hamda IIBBning esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, xizmat burchini bajarishda jonlarini fido qilgan xodimlarning oila a’zolariga hurmat-ehtirom ko‘rsatildi. Bosh boshqarma negizida tuzilgan “Nihol” jamoasi tariximizning og‘ir va mashaqqatli davrida xalqimizning matonati, jasorati haqida hikoya qiluvchi spektakl ko‘rinishlarini namoyish qilishdi. Xonanda va sozandalar tomonidan kuylangan Vatan, sadoqat, mehr-muhabbatni tarannum etgan kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.

Barcha yangiliklar

Text to speech