18 Aprel 2025 Yil 984

Qaror ijrosi mahallalar kesimida o‘rganilmoqda

Mahallalarda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida poytaxtning Yangihayot tumanidagi mahallalar ham birma-bir o‘rganilib, aniqlanayotgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan manzilli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Tumanda joylashgan “Chortoq” mahalla fuqarolar yig‘ini 2004 yilda tashkil topgan. Mahalla hududida istiqomat qilayotgan 2 225 ta oilalarda 5 184 nafar fuqaro tinch-totuv umrguzaronlik qilib kelmoqda. Shulardan 967 nafari yoshlar. Probatsiya hisobida turuvchi 10 nafar shaxs bilan soha xodimlari muntazam ravishda profilaktik suhbatlar o‘tkazib, muammo va murojaatlarini o‘ranib, mahalla yettiligi hamda mas’ullar hamkorligida hal qilish choralarini ko‘rmoqda. Ishsizlar ro‘yxatiga olingan 45 kishidan 5 nafariga kredit ajratilgan bo‘lsa, qolganlariga ish o‘rinlari taklif qilinmoqda. 80 dan ortiq oilalarga ijtimoiy, 4 oilaga moddiy yordam ko‘rsatildi. Kuni kecha tuman IIO FMB boshlig‘i hamda tuman prokurori mazkur mahalla yettiligi, mahalla faollari va ahli, tegishli mas’ullari bilan uchrashuvi o‘tkazdi. Uchrashuvda joriy yilning yanvarida Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar bo‘yicha qarorining mazmun-mohiyatiga urg‘u berildi. Ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida “yo‘l xaritasi” doirasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishib, amalga oshirilgan ishlar samaradorligi baholandi. Ta’kidlash lozimki, qaror ijrosini ta’minlash bo‘yicha yuqoridagi ishlar qatorida mahalla yettiligi va mutasddilar hamkorligida 5 nafar nizoli oilalar yarashtirilgan, mahalla hududiga 82 ta kuzatuv kameralari, notinch xonadonlarga 16 ta tashvish tugmasi o‘rnatilgan. Mahalla hududini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirishga ham katta e’tibor berilgan. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida mingdan ortiq manzarali hamda 925 dona mevali daraxtlar ekilgan.
Xuddi shu kabi tumanning “Yo‘ldosh” mahalla fuqarolar yig‘ini mas’ullari tomonidan qaror ijrosini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar ham o‘rganildi. Mahalla tarixiy mahallalardan biri bo‘lib, 1966 yilda tashkil topgan. Ushbu maskanda 2 144 oilada 7 109 nafar fuqarolar yashaydi. Ulardan 677 nafari yoshlar. Probatsiya ro‘yxatida 30 dan ortiq shaxslar mavjud. Ishsizlar ro‘yxatida turuvchi 34 fuqaroning 10 nafariga kredit ajratilgan bo‘lsa, qolganlariga ish o‘rinlari taklif qilingan. 120 oilaga ijtimoiy, 14 tasiga moddiy yordam ko‘rsatildi. Huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida, mahalla hududiga 120 ta kuzatuv kameralari, ko‘p qavatli uylarning yo‘laklari va notinch xonadonlarga 20 ta tashvish tugmasi o‘rnatilgan. Mahalla yettiligi hamkorligida nizoli oilalarning 4 tasi yarashtirildi. Shuningdek, mahalla hududini obod va so‘lim go‘shaga aylantirish borasida 950 dona manzarali va 800 dona mevali daraxtlar ekildi.
Yuqoridagi mahallalarni o‘rganishlar yakunida qaror ijrosini ta’minlash bo‘yicha yo‘l qo‘yilayotgan ayrim kamchiliklar ham ko‘rsatib o‘tilib, qaror ijrosi yuzasidan mahalla yettiligi hamda mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi, shuningdek, har bir belgilangan tadbirlarga mas’ullar biriktirilib, ijrosi qat’iy nazoratga olindi.

Barcha yangiliklar

Text to speech