Faxriddin sportga o‘zgacha ishtiyoq va katta qiziqish bilan yondashuvchi oilada voyaga yetdi. Maktabni bitirmay turib, 17 yoshida sambo bo‘yicha respublika miqyosida o‘tkazilgan, 18 yoshida Osiyo chempionatidagi musobaqalarda faxrli 1-o‘rinlarni egallab g‘alaba shohsupalariga ko‘tarilgandi. Sportda qator-qator muvaffaqiyatlarga erishgan Faxriddin Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagach, Toshkent shahar IIBB YHXBda katta inspektor lavozimida ish boshladi. So‘ng Yunusobod tumani IIO FMB Tergov bo‘limida tergovchi lavozimida ishini davom ettirdi. Hozirda kapitan unvonida xizmat qilib kelayotgan Faxriddin ayni damgacha ham sport bilan shug‘ullanishni bir on bo‘lsa-da tark etmadi. Turli musobaqalarda qatnashib, ichki ishlar organlari sharafini munosib himoya qilib, ko‘plab zafarlarni quchib kelmoqda. Yirik sport musobaqalarida raqiblariga imkon bermay, medallar shodasiga yangi-yangi g‘oliblik nishonlarini qo‘shib, iftixorimizga iftixor qo‘shmoqda. Kuni kecha Fransiya poytaxti Parij shahrida dunyoning 66 mamlakatidan kelgan, 2 366 nafar dzyudochilar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida qatnashib, 100 kg vazn toifasida faxrli uchinchi o‘rinni egallab, bronza medali sohibiga aylandi. Kapitan Faxriddin Sharipovni yana bir g‘alaba bilan muborakbod etib, xizmat sohasi hamda sport faoliyatida yuksak muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.