Jismoniy mashqlar, sport o‘yinlari, badanni chiniqtirish bilan shug‘ullanish organizmning fiziologik, biologik jarayonlarini faollashtirib, kishida xush kayfiyat, ishchanlik qobiliyatini oshiradi. Ayniqsa, ichki ishlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining kasb tayyorgarligi qatorida jismoniy tayyorgarligi muhim ahamiyatga ega. Ichki ishlar vazirligi hamda huquqni muhofaza qilish idoralari bilan hamkorlikda bu borada qator sport tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda. Shu maqsadda huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasida XXXIV-Spartakiada dasturiga kiritilgan futbol musobaqasiga start berildi. Musobaqada jami 15 ta jamoa qurʼa tashlash yo‘li bilan 4 guruhga bo‘lindi. O‘yinlar jadvaliga ko‘ra, kecha Toshkent shahar IIBB terma jamoasi O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi terma jamoasiga qarshi maydonga tushdi. Qiziqarli va shiddatli kechgan g‘oliblik uchun kurashda poytaxt IIBB jamoasi 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Bunga jamoaning yakdillik bilan o‘zaro muvofiqlashtirilgan xatti-harakatlari bois erishildi. Toshkent shahar IIBB futbol terma jamoasini ilk g‘alaba bilan qutlab, keyingi musobaqalarda ham g‘oliblikni qo‘ldan bermaslikni tilab qolamiz.