3 May 2025 Yil 819

Adovatning bahosi - besh yil qamoq

Hurmatilla yoshligidan avtomobillarga qiziqdi. avtomobillarga texnik yordam ko‘rsatish shoxobchalari ustalariga shogird tushib, avtomashinalarni taʼmirlash bo‘yicha ancha-muncha tajriba orttirdi. Keyinchalik ham bu ishini davom ettirib, mijozlarining hurmatini qozondi. Biroq ishxonada hamkasbi Sh.Obid bilan munosabatlari boshidan qovushmadi. Qo‘l uchida, naridan beri ishlaydigan Obidning ish uslubi unga yoqmasdi. Bu avvaldan mavjud bo‘lgan o‘zaro ko‘rinmas adovat 2024 yilning 5 fevralida bo‘y ko‘rsatdi. O‘sha kuni soat 18.00 larda ishini tugatib, ketishga taraddudlanayotgan Hurmatillaga Obid – garchi u rahbar bo‘lmasa-da – bir avtomashinani ko‘rib, tuzatishini talab qildi. Uning buyruq ohangi Hurmatillaga yoqmadi va bu avtomashina egasi bilan Obidning o‘zi gaplashib, kelishgani bois o‘zi tuzatishini aytdi. O‘rtada gap ko‘payib janjalga aylandi. Janjal esa mushtlashuvga. Mushtlashuv paytida Hurmatilla stol ustida turgan pichoqni olib Obidning bel qismiga tiqib oldi. Sharillab oqqan qon uning ikkinchi zarbasini to‘xtatib qoldi. Qilmishidan qo‘rqib ketgan Hurmatilla jabrdiydaga yordam berish o‘rniga qochib ketdi. O‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasi jabrlanuvchiga hayoti uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohati yetkazilgani bo‘yicha xulosa berdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi ochiq sud majlisida 1998 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan N.Hurmatillaning qilmishini qonunan baholab, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “l” bandi (“Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish”) bilan aybdor deb topdi va 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qildi.

Mazkur jinoyat ishi tafsilotlari bilan Uchtepa tuman IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, kapitan Sherzod Aminjonov tanishtirdi.

Barcha yangiliklar

Text to speech